O‘zbekiston – Xitoy: hamkorlikdagi yangi loyihalar
Buxoro viloyatida ayni kunlarda ham xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda, yangi loyihalarni ishga tushirish borasida amaliy sa’y-harakat olib borilmoqda. Xususan, xitoylik ishbilarmonlar bilan ham iqtisodiy hamkorlik tobora mustahkamlanmoqda.
Uchrashuvlar natijasida viloyat investitsiya sanoatidagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish istagi mavjud 45 ta kompaniya bilan 2,1 milliard dollarga teng 72 ta loyiha portfeli shakllantirildi. Ushbu kompaniya rahbarlari viloyatdagi investitsiya muhiti bilan yaqindan tanishish maqsadida joriy yilning birinchi yarmi davrida viloyatga kelishni bildirgan.
Xitoy Xalq Respublikasining “Sitong Stone Company” kompaniyasi tomonidan viloyatning Peshku tumanida qiymati 20 million dollarga teng loyihaga muvofiq, granit toshlarini qayta ishlash texnologiyasini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Shunga muvofiq, xitoylik sarmoyadorlardan bir guruhi Buxoro viloyatida bo‘lib, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “XIN SIFANG STONE” korxonasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Shuningdek, Xitoyning “Jiangsu Zhufeng Electromechanical Technology Co., Ltd.” kompaniyasi rahbarlari viloyatda bo‘lib, Qorovulbozor tumanidagi “BUXORO REAL MOTO” MCHJ korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Muzokaralardan so‘ng bu hududda o‘zaro hamkorlikda qiymati 25 million dollarga teng bo‘lgan elektr mototsikl ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha teng manfaatli kelishuvga erishildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yetti yilda Buxoro viloyatiga qariyb 4 milliard dollarga teng investitsiya jalb etilgan. Buning natijasida 90 mingta ish o‘rni va 1 milliard 800 million dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan.
Xususan, joriy yil viloyatda 1 milliard 300 million dollarlik 607 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihalarga Xitoy, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Malayziya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri