O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi
Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, butun O‘zbekiston xalqini yurtimizda keng nishonlanayotgan qutlug‘ ayyom – Xalqlar do‘stligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Hech shubhasiz, ushbu quvonchli bayramda ko‘p millatli xalqimizning olijanob intilishlari, amaliy harakatlari bilan jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, millatlar va dinlararo do‘stlik, bag‘rikenglik hamda hamjihatlik bizning eng bebaho boyligimiz ekanini yanada chuqur his etamiz.
Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlari kabi ahil va inoq yashab, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotganini barchamiz yuksak qadrlaymiz.
G‘oyat noyob ijtimoiy hodisa bo‘lgan bunday milliy-madaniy xilma-xillik Yangi O‘zbekistonning har bir fuqarosi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, erkin va farovon yashaydigan insonparvar davlat sifatidagi o‘rni hamda nufuzini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Keyingi yillarda “Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda” degan ezgu g‘oya asosida yurtimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikning o‘ziga xos ibratli modelini yaratganimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Hozirgi vaqtda millatlararo munosabatlar sohasida amalga oshirayotgan islohotlarimiz ko‘lami tobora kengayib, sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu borada qabul qilingan 10 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, Millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati konsepsiyasi faoliyatimiz samarasini oshirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Keyingi yillarda ko‘rkam binolarda faoliyat yuritayotgan 157 ta milliy madaniy markaz va 46 ta do‘stlik jamiyatining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Ushbu maskanlarda o‘tkazilayotgan umummilliy bayramlar, do‘stlik kechalari, festival va uchrashuvlar mamlakatimizning madaniy qiyofasini belgilaydigan muhim ma’rifiy tadbirlarga aylanib bormoqda.
Yurtimizdagi ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari yetti tilda olib borilmoqda, qardosh tillardagi maktablar davlat hisobidan darslik va adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda. Teleradiokanallar orqali 12 tilda ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatilmoqda, 14 tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda.
O‘tgan yili Xalqlar do‘stligi kuni arafasida poytaxtimizda ochilgan milliy madaniy markazlarning paviloni xalqaro jamoatchilik tomonidan keng e’tirof etilib, ko‘plab xorijlik mehmonlar ham tashrif buyuradigan maskanga aylandi.
Poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” parki hududida “Bag‘rikenglik bog‘i”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda etno va sayyohlik qishloqlari tashkil etilgani mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni kengaytirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Turli millatga mansub yurtdoshlarimiz orasida o‘nlab deputat va senatorlar, davlat va jamoat arboblari, taniqli ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport namoyandalari, biznes vakillari munosib faoliyat ko‘rsatayotgani, ularning 2 ming nafarga yaqini Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangani mamlakatimizda hukm surayotgan ijtimoiy tenglik, adolat va inklyuzivlikning amaliy namunasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Bepoyon Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlarining qadimdan mushtarak maqsadlar asosida yashab, mehnat qilib, taraqqiyot borasida qanday ulkan natijalarga erishganlari, bunday ezgu an’analar keyingi yillarda yanada kuchayib, yangi bosqichga ko‘tarilayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz.
Biz qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan munosabatlarimizni mustahkamlab, strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirmoqdamiz.
Xalqlarimiz o‘rtasida erkin bordi-keldilar, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar kengayib, yangicha ma’no-mazmun bilan boyib borayotgani, bunday hayotbaxsh jarayonlarda O‘zbekistonning alohida o‘rni va hissasi borligi ayniqsa diqqatga sazovor.
So‘nggi yillarda sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birgalikda xalqlar do‘stligini mustahkamlash yo‘lida erishgan yutuqlarimizni yanada boyitish biz uchun bundan buyon ham bosh vazifa bo‘lib qoladi.
Barchamiz yaxshi bilamiz, turli millat vakillarini o‘zaro yaqinlashtirishda san’at va madaniyat hamisha ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarib kelgan. Har qaysi millatning betakror san’atini ayni shu asosda rivojlantirish bu – umumbashariy birlik va ahillikka olib boradigan eng ishonchli yo‘ldir.
Shu maqsadda mamlakatimizda turli millat va elat vakillaridan tarkib topadigan professional “Do‘stlik” ansamblini tashkil etishni reja qilganmiz va buning uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz.
O‘ylaymanki, mazkur yangi ijodiy jamoa ana shunday qulay muhitda shakllanib va rivojlanib, mamlakatimiz madaniy hayotida albatta munosib o‘rin egallaydi.
Qadrli do‘stlar!
Hech qachon unutmaylik, xalqlar do‘stligi bu – muqaddas insoniy qadriyat, tinch, erkin va farovon hayot garovidir. Bugungi kunda barchamiz o‘zimiz, oilamiz, farzandlarimizning baxti, jonajon O‘zbekistonimizning taqdiri va kelajagi uchun yagona xalq, yagona jamiyat bo‘lib harakat qilayotgan ekanmiz, yuksak maqsadlarimizga albatta yetamiz.
Siz, azizlarni, butun xalqimizni 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, oilaviy baxt, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lidagi olijanob faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
O‘zbekistonimiz doimo tinch va barqaror bo‘lsin, birgalikdagi fidokorona mehnatimiz bilan yanada gullab-yashnasin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti