O‘zbekiston va ZTE raqamli infratuzilma bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ZTE kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ZTE kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda data-markazlar tashkil etish va rivojlantirishga doir konseptual yechimlar hamda texnik takliflar taqdim etildi. Xususan, data-markazlarning barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlash, energiya ta’minoti, zaxira elektr manbalari, sovutish tizimlari, axborot xavfsizligi hamda muhandislik infratuzilmasi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, loyiha doirasidagi keyingi bosqichlarni samarali tashkil etish maqsadida ishchi guruh shakllantirish hamda texnik masalalarni birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuvda ZTE kompaniyasi tomonidan turli mamlakatlarda amalga oshirilgan GovTech loyihalari va raqamli transformatsiya bo‘yicha xalqaro tajribalar ham taqdim etildi. Tomonlar davlat xizmatlarini raqamlashtirish, zamonaviy raqamli infratuzilmani rivojlantirish va ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etish borasidagi xorijiy tajribalar yuzasidan fikr almashdi.

Ta’kidlash joizki, avvalroq "GSMA M360 Eurasia 2026" xalqaro forumi doirasida ZTE kompaniyasi katta vitse-prezidenti Chjan Szyanpen bilan uchrashuv o‘tkazilib, data-markazlar faoliyatini kengaytirish va telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilingan edi.
Uchrashuv yakunida tomonlar data-markazlar tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish, loyihaning navbatdagi bosqichlarini amalga oshirish hamda mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlarni jadallashtirish yuzasidan fikr almashdi.
N.Rahmonova,
O‘zA