O‘zbekiston va XMT: xodimlarning mehnat huquqlari, ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi
O‘zbekiston Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Mehnat konferensiyasida ishtirok etish uchun Shveysariyaning Jeneva shahriga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida XMT mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha byurosi direktori Mariya Xelena Andre bilan uchrashuv o‘tkazildi. O‘zaro muloqotda xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

XMT bilan hamkorlikda o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish orqali kasaba uyushmalari mutaxassislarining malaka va salohiyatini oshirish yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekistonda tadbirkorlikning faol rivojlanayotgani, iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushi ortib borayotgani va xalqaro brendlar tomonidan O‘zbekiston bozoriga qiziqish kuchayayotgani munosabati bilan xususiy korxonalarda kasaba uyushmalari harakatini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
N.Abduraimova,
O‘zA