O‘zbekiston va Xitoy madaniy hamkorligi kengaymoqda
Pekin shahriga tashrif doirasida O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov Xitoy xalqaro madaniy muloqot markazi hamda Milliy san’at va hunarmandlik muzeyi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokara yakunida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolandi:
– madaniyat muassasalari o‘rtasida eksponat almashinuvi, hamkorlik va birgalikda ko‘rgazmalar tashkil etish;
– muzey xodimlari kasbiy mahorati va tajribasi almashinuvi;
– ilmiy va o‘quv ashyolar bo‘yicha hamkorlik;
– ko‘rgazma va nashriyot sohasida hamkorlik yuzasidan ahdlashuv.
Hujjatlarni imzolashdan ko‘zlangan maqsad mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy almashinuvni rivojlantirish, do‘stona munosabat va muloqotni mustahkamlash, shuningdek, ilmiy tadqiqot va ijtimoiy ta’limni qo‘llab-quvvatlagan holda, ikki mamlakatning boy tarixi, madaniyatini asrab-avaylash va namoyish etish imkoniyatini yaratishdan iborat.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA