O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar
22-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston Prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga o‘zining samimiy salomini aytdi. Turkmaniston Prezidenti, o‘z navbatida, davlatimiz rahbariga Turkman xalqining milliy yetakchisi nomidan eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib borayotgani, energetika, transport va boshqa muhim sohalarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
“Shovot – Toshhovuz” qo‘shma savdo zonasining samarali faoliyatini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, mintaqaviy kun tartibiga oid ayrim masalalar, jumladan, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi hamda Turkmanistonda bo‘lib o‘tadigan MDH sammitiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot yakunida mamlakatimiz yetakchisi birodar Turkmaniston Prezidenti va xalqini yaqin kunlarda nishonlanadigan milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.