O‘zbekiston va Turkiy davlatlar: iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Soliq qo‘mitasida qo‘mita raisining o‘rinbosari Jahongir Abdiyev hamda Turkiy investitsiya jamg‘armasi prezidenti Bag‘dod Amreyev boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda soliq ma’muriyatchiligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, raqamlashtirish jarayonlari hamda tizim samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘z navbatida, Bag‘dod Amreyev Jamg‘armaning maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari hamda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari haqida ma’lumot berdi.
Tomonlar soliq ma’muriyatchiligiga oid masalalarni chuqur muhokama qilib, Jamg‘armaning asosiy hujjatlarini amaliyotga tatbiq etish yo‘llarini ko‘rib chiqdi. Xususan, xaridlarni amalga oshirishda soliq imtiyozlarini qo‘llash, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS), aksiz va boshqa soliqlardan ozod etish tartiblari muhokama markazida bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida tezkor hamkorlikni ta’minlash maqsadida mas’ullar belgilandi hamda doimiy ishchi muloqotni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Turkiy investitsiya jamg‘armasi — Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy integratsiyani rivojlantirishga qaratilgan ilk qo‘shma moliyaviy institut hisoblanadi. U iqtisodiy hamkorlik, savdo va investitsiyalarni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA