O‘zbekiston va Serbiya yetakchilari ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich telefon orqali muloqot qildilar.
Serbiya Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston – Serbiya ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. O‘tgan yilning oktabr oyida Serbiya Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiyot, investitsiya, infratuzilma, madaniy-gumanitar sohalarda hamda turizm va tartibli mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarida hamkorlikni izchil rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasi, xususan, Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish hamda O‘zbekiston delegatsiyasining Belgrad shahrida bo‘lajak “EXPO-2027” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etish masalalari ko‘rib chiqildi.