O‘zbekiston va Serbiya: ishonchga asoslangan muloqot natijasida hamkorlik mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi
Oliy Majlis Senatiga Serbiya Respublikasi Xalq yig‘ilishining “Serbiya - O‘zbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhi raisi Aleksandr Markovich tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda keyingi yillarda davlatlarimiz rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan ochiq va konstruktiv muloqoti natijasida ikki tomonlama munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani e’tirof etildi.
A.Markovich mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi va ta’siri tobora ortib borayotganini yuksak baholadi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdi.

Bu jarayonda parlamentlarimiz o‘rtasida imzolangan Anglashuv memorandumi muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Aytib o‘tish kerakki, mazkur hujjat joriy yil iyun oyi boshida O‘zbekiston Senati Raisi boshchiligidagi parlament delegatsiyasining Serbiyaga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan. Mazkur tashrif davomida delegatsiya Serbiya Respublikasi Prezidenti, Xalq yig‘ilishi Raisi va Bosh vazir o‘rinbosari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va o‘zaro ishonch ruhini yanada mustahkamlash, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va ularni qonunchilik yo‘li bilan ta’minlash bo‘yicha parlamentlar harakatlarini muvofiqlashtirish, sohalar bo‘yicha aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni parlament diplomatiyasi orqali har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhimligiga e’tibor qaratildi.
“O‘zbekiston - Serbiya” va “Serbiya - O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhlari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha alohida “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.
Mazkur hujjat parlamentlararo muloqotni yanada faollashtirish, sohaviy qo‘mitalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, shuningdek, ikki mamlakat parlamentariylarining o‘zaro tashriflari va muntazam amaliy uchrashuvlarini tashkil etishni nazarda tutadi.
Tomonlar xalqaro parlament tashkilotlari doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqlab, yoshlar parlamenti va parlament diplomatiyasi yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Shu munosabat bilan Serbiya parlamenti a’zolari 2026-yil 4 - 6-sentabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Parlamentlararo ittifoq yosh parlament a’zolarining 12-Global konferensiyasida ishtirok etishga taklif etildi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA