O‘zbekiston va Rossiya korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni mustahkamlaydi
Bugun, 17-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti yordamchisi Dmitriy Mironov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokara davomida tomonlar korrupsiyaga qarshi davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha amaliy tajriba bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqboli muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Davlat xizmati, kadrlar va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat sohada tajriba va axborot almashinuvini kengaytirish, shuningdek hamkorlikni tizimli ravishda rivojlantirishga qaratilgani qayd etildi.
Memorandum doirasida qonunchilikka doir, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi va tahliliy materiallarni muntazam almashish, qo‘shma seminar va treninglar tashkil etish, xodimlar malakasini oshirish, xalqaro tashabbuslar ilgari surish kabi ustuvor yo‘nalishlarda sheriklik yo‘lga qo‘yiladi.
[gallery-28816]
Tashrif doirasida RF delegatsiyasi Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida ham bo‘lib, davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilimini uzluksiz oshirish tizimi bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayevning rossiyalik mehmonlar bilan uchrashuvida davlat boshqaruvi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Boshqaruv samaradorligi agentligi huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazi faoliyati bilan ham tanishish chog‘ida qayd etilganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu majmua davlat idoralari uchun mahoratli kadrlar zaxirasini shakllantirish va boshqaruv salohiyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Markazga tashrif buyurganlarga davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini baholash tizimi haqida batafsil so‘zlab berildi. Ushbu tizim asosida bugungi kunga qadar 800 nafar turli bo‘g‘in rahbari faoliyati baholangani aytib o‘tildi.
Shuningdek, Rossiya delegatsiyasi a’zolari Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi “Yangi Kamolon” mahallasida joriy qilingan aholi bilan ishlash, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan zamonaviy yondashuv bilan tanishdi. Mahallada aholi muammosini joyida hal etish, davlat xizmatini odamlarga yaqinlashtirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot ham mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Dilshod Hakimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA