O‘zbekiston va Qozog‘iston yadroviy va ekologik xavfsizlikni muhokama qildi
Bugun “O‘zatom” agentligida O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari hamda Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Mansur Oshurboyev boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida yadroviy, radiatsiyaviy va ekologik xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan atom elektr stansiyasi loyihasining texnik va ekologik jihatlari muhokama qilindi. O‘zbekiston tomoni loyiha doirasida olib borilayotgan qidiruv va tayyorgarlik ishlari, xavfsizlik choralari hamda ekologik monitoring tizimi haqida ma’lumot berdi.

“O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev atom dasturini amalga oshirishda xavfsizlik ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, milliy talablar xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirilib, yadroviy, radiatsiyaviy va ekologik xavfsizlik tizimi bosqichma-bosqich shakllantirilmoqda.
Qozog‘iston tomoni ham mintaqada atom energetikasini xavfsiz rivojlantirish, ekologik masalalar bo‘yicha tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish Markaziy Osiyo aholisi manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladi.
Tomonlar AESni qurish va kelgusida undan foydalanish bilan bog‘liq texnik hamda ekologik talablar yuzasidan fikr almashdi.

Shuningdek, Markaziy Osiyoda atom energetikasi sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni o‘quv dasturlari, amaliy treninglar, akademik almashinuv hamda sohadagi bilimlarni birlashtiruvchi ixtisoslashtirilgan markaz konsepsiyasini taqdim etdi.
Tomonlar mintaqada tinch atom energetikasini xavfsiz va mas’uliyatli rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning keyingi yo‘nalishlari, jumladan, “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va ekspertlar muloqotini muntazam davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA