O‘zbekiston va Qozog‘iston startaplar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yerali Tug‘janov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida IT sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va Markaziy Osiyoni xalqaro texnologik markaz sifatida rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar IT Park Uzbekistan va Qozog‘istonning Astana Hub IT markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligini ta’kidladilar. Bunda raqobatdan ko‘ra, tajriba almashish, imkoniyatlarni birlashtirish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilishi qayd etildi.

Shuningdek, ikki mamlakat startaplari va IT-kompaniyalarining o‘zaro bozorlarga kirib borishi, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishi hamda xalqaro bozorlarga birgalikda chiqishi uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyoni yagona mintaqaviy IT makon sifatida xalqaro maydonda targ‘ib qilish, xorijiy investorlar va yirik texnologik kompaniyalar e’tiborini mintaqaga jalb etish istiqbollariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Bundan tashqari, raqamli infratuzilma, sun’iy intellekt, ma’lumotlar markazlari va innovatsion loyihalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Qozog‘iston IT ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va Markaziy Osiyoni xalqaro texnologiyalar hamda investitsiyalar uchun istiqbolli markazga aylantirish muhimligi ta’kidlandi.
Nigora Rahmonova, O‘zA