O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar
Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar avvalida davlatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidentini yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Hududlarda muntazam ravishda norasmiy uchrashuvlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib, ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ochiq va konstruktiv muhokama qilishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
O‘tgan yil noyabr oyida Qozog‘iston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Barcha darajalardagi aloqalar, jumladan, hukumatlararo va parlamentlararo hamkorlik faollashdi.
Tovar ayirboshlash barqaror o‘sib, o‘tgan yili 5 milliard dollarga yetdi. Avtomobilsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, logistika, elektrotexnika, qurilish materiallari va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Kimyo, geologiya, energetika, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va boshqa sohalardagi bir qator yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Transport va logistika sohasida o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Chegaraoldi infratuzilmani modernizatsiya qilish, to‘siqlarni bartaraf etish va tashqi bozorlarga chiqishni ta’minlaydigan samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tomonlar “Qambarota” gidroelektr stansiyasi qurilishi kabi yirik mintaqaviy loyihalarni jadallashtirish va “yashil” energiya eksporti bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish masalalarini ham muhokama qildilar.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqaviy ekologik tashabbuslarni ilgari surish, shu jumladan chegaradosh hududlarda “Toza havo” loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ishlash muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar innovatsion va yuqori texnologik sohalarda, jumladan, kosmik texnologiyalar, raqamlashtirish, elektron tijorat va startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga intilish qat’iyligini bildirdilar.

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish, jumladan, madaniyat kunlari, yoshlar forumlarini o‘tkazish, kreativ iqtisodiyot va turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida bosh vazirlar o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy kun tartibining dolzarb jihatlari, jumladan, yaqin istiqbolda o‘zaro savdoni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha hisobotlari eshitildi.
Muzokara yakunida hukumatlarga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish topshirildi.