O‘zbekiston va Qatarni tinchlik va hamjihatlikka intilishga oid mutshtarak maqsadlar birlashtirib turadi
Parlamentlararo ittifoq (IPU) ning 153-assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Qatar Davlati Sho‘ro Kengashi Raisining o‘rinbosari Hamda bint Hasan al-Sulaytiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar xalqaro va mintaqaviy vaziyat yuzasidan fikr almashdi. Qatarning nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish va muzokara jarayonlariga ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlari yuqori baholandi.
O‘zbekiston mintaqadagi keskinlikni yumshatishga qaratilgan diplomatik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi. Xalqaro maydonlarda tinchlik va barqarorlik g‘oyalarini ilgari surish, Parlamentlararo ittifoqning geosiyosiy guruhlari doirasida hamkorlikni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
T.Norboyeva Davlat rahbarlari o‘rtasidagi yaqin va ishonchli munosabatlar parlamentlar hamkorligini kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidlandi. O‘zaro anglashuv memorandumini amaliy harakatlar bilan to‘ldirish maqsadida 2027 - 2028-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish taklif etildi.
Mazkur hujjatda davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun zarur huquqiy asoslarni takomillashtirish, ularning ijrosi ustidan parlament nazoratini ta’minlash, jumladan, investitsiya sohasidagi kelishuvlarning bajarilishini kuzatib borishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash zarurligi qayd etildi.

H. Sulaytiy qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash taklifini qo‘llab-quvvatlab, ushbu jarayonda parlamentlararo do‘stlik guruhlarining faol ishtirokini ta’minlash muhimligini ta’kidladi. Parlamentlararo munosabatlarni ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasidagi hamkorlikning yuqori darajasiga muvofiq rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi. Qatar parlamenti a’zosi mamlakatimizdagi islohotlarni yuqori baholab, Ikkinchi Osiyo xotin-qizlari forumining ahamiyatini e’tirof etdi.
Xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha ikki mamlakat yondashuvlarining mushtarak jihatlari qayd etildi. Ayol parlament a’zolari, davlat organlari va nodavlat tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, yosh parlamentariylar hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorligiga ham to‘xtalib o‘tildi. Mamlakatimizda parlament rahbar ayollari ishtirokidagi xalqaro tadbirlar, Ittifoqning 150-assambleyasi hamda Samarqandda Yosh parlamentariylar global forumi o‘tkazilgani qayd etildi. Qatar vakillarining Osiyo xotin-qizlari forumlaridagi faol ishtiroki e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, parlamentlararo hamkorlikni amaliy chora-tadbirlar bilan mustahkamlashga kelishib olindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA