O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik, o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar yuksak darajada
Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi delegatsiyasi Ozarbayjon Respublikasiga tashrifi doirasida Milliy Majlis Raisi S.Gafarova bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
S.Gafarova O‘zbekiston delegatsiyasini samimiy qutlab, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik, o‘zaro ishonch hamda qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikka asoslangan munosabatlar yuksak darajaga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam siyosiy muloqot va ishonchli munosabatlar ko‘p qirrali hamkorlikni izchil kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida qayd etildi.
Uchrashuv davomida tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti sohasida tajriba almashishni kengaytirishga oid ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi.

Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqot O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, idoralararo hamkorlikni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA