O‘zbekiston va O‘mon ta’lim almashinuvi rivojlanmoqda
Joriy yil fevral oyida Masqat shahrida O‘zbekiston va O‘mon biznes yetakchilari va ta’lim muassasalari vakillarini birlashtirgan ayol tadbirkorlar forumi bo‘lib o‘tgan edi. Mamlakatimizning ushbu davlatdagi elchixonasi tashabbusi bilan ushbu tadbirda ikki mamlakat maktablari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish g‘oyasi ilgari surildi. Tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zbek madaniyati, tarixi va ta’lim sohasidagi yutuqlarimizni targ‘ib qilish, shuningdek o‘zaro sayyohlik va madaniy aloqalarni rivojlantirishdan iborat edi.
Samarali muzokaralar natijasida Xalqaro bakalavriat (IB) dasturi asosida faoliyat yuritayotgan Nabil Hajlaviy rahbarligidagi “MySchool” va Zebo Rixsiboyeva boshchiligidagi “NovaSchool” maktablari o‘zaro sheriklikka qiziqish bildirdi. Hozirgacha tomonlar tasdiqlagan almashinuv dasturi asosida ikki mamlakat o‘quvchilari grant asosida 7 kunlik tajriba almashish tadbirida ishtirok etmoqda.
9-16 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan loyihaning birinchi bosqichida “NovaSchool” yoshlari – jami 9 nafar o‘quvchimiz Masqatda O‘zbekistonning madaniyati, tarixi va an’analarini namoyish etdi. Shuningdek, O‘mon madaniy merosi bilan tanishib, tengqurlari bilan do‘stona aloqa o‘rnatdi.
“MySchool” tinglovchilari joriy yil kuzi oxirida Toshkentga javob tashrifini amalga oshiradi.
Mazkur tashabbus har ikki maktab o‘quvchilari dunyoqarashini kengaytirish, O‘zbekiston hamda O‘mon o‘rtasida madaniy diplomatiya mexanizmini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamdir.
Muharrama Pirmatova, O‘zA