O‘zbekiston va Malayziyani yaqinlashtirayotgan turizm
Turizm sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini jahon miqyosida targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz va Malayziya o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilib, o‘zaro manfaatli loyihalar va tashabbuslar bilan boyib bormoqda.
Turizm qo‘mitasida O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Malayziya elchisi Ilham Tua bin Illias bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida ikki davlat o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlik natijalari sarhisob qilinib, kelgusidagi istiqbolli yo‘nalishlar muhokama etildi.

Tomonlar sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish, O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosini Malayziyada keng targ‘ib qilish, shuningdek ziyorat va madaniy turizm yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Uchrashuvda elchining ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va turizm aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari yuksak baholandi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mamlakatning xalqaro sayyohlik bozoridagi nufuzi ortib borayotgani qayd etildi.


Muloqot yakunida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda turizm sohasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyorlik bildirildi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA