O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida shartnomalar imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari S.Sayfiddinov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Latviyada bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Latviya ish beruvchilar konfederatsiyasi (LDDK) prezidenti Andres Bite bilan muzokara o‘tkazdi. Muloqotda A.Bite bugungi kunda Latviya xorijiy ishchi kuchiga muhtojligi to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali yurtdoshlarimizni Latviyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborishga markazlashgan tizim yaratilsa, Latviya ish beruvchilar konfederatsiyasi agentligimiz bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib olingan. Shu kuni “Work management” tashkiloti rahbari V.Barsuks bilan o‘tkazilgan uchrashuvda esa Latviyada qurilish va xizmat ko‘rsatish sohasida ishchilarga bo‘lgan talab ortib borayotgani ta’kidlandi.
– Tomonlar fuqarolarimizni Latviyaga vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb qilish yuzasidan hamkorlik shartnomasini imzoladi, – deyiladi agentlik xabarida. Shundan so‘ng, delegatsiyamiz “EESTI SBA” logistik tashkiloti boshqaruv menejeri V.Yakovlev bilan ham uchrashishga muvaffaq bo‘ldi. Anjuman chog‘ida haydovchi va yuk tashuvchi mutaxassisliklari bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, tashkilot tomonidan turar joy va tibbiy sug‘urta xarajatlari qoplab beriladi. Shu bois, muzokara yakunida agentlik shartnoma loyihasi va boshqa zururiy hujjatlar ushbu tashkilot yuristlari tomonidan o‘rganib chiqilishi uchun taqdim etildi.

Birin-ketin uyushtirilgan tadbirlar qatorida “Hermis Auto” tashkiloti rahbari V.Tomashevich bilan uchrashuv ham bor. Muassasa rahbari mamlakatda, aynan, haydovchilarga talab yuqori ekanini ta’kidladi. Yevropada haydash huquqini beruvchi (CODE 95) hujjatlar ish beruvchi tomonidan tayyorlanadi va xarajatlar qoplab beriladi. Ishchilarga Latviya qonunchiligida belgilangan tartibda mehnat ta’tillari beriladi va turar joy bilan ta’minlanadi.
Xullas, O‘zbekiston delegatsiyasining Latviyaga tashrifi chog‘ida qator korxonalar bilan shartnomalar imzolandi. Bu mehnat migratsiyasi sohasini yanada isloh qilishga, jumladan, fuqarolarimizni chet elga ishga jalb qilishga qaratilgan navbatdagi istiqbolli qadam bo‘ldi, deyish mumkin.