O‘zbekiston va Koreya: ta’lim va inson kapitalini rivojlantirishga oid yangi tashabbuslar taraqqiyotga xizmat qiladi
Davlatimiz rahbarining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi O‘zbekiston - Koreya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov shu haqda munosabat bildirdi:
– Tashrifning mazmun-mohiyati Yangi O‘zbekistonning texnologik va innovatsion taraqqiyot strategiyasi bilan bevosita uyg‘un ekanini ko‘rsatmoqda.
Koreya Respublikasi o‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonning ishonchli do‘sti va muhim iqtisodiy hamkorlaridan biriga aylandi. Bugun mamlakatimizda Koreya sarmoyasi ishtirokida 700 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. KOICA, Koreya Eksimbanki va EDCF jamg‘armasi bilan hamkorlikda tibbiyot va sog‘liqni saqlash, sanoat, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, infratuzilma hamda ta’lim sohalarida o‘nlab loyihalar amalga oshirilmoqda.
Seulda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Li Chje Myon o‘rtasidagi muzokaralarda ana shu hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitishga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, Koreyaning ilg‘or texnologiyalari bilan Yangi O‘zbekistonning resurs va sanoat salohiyatini birlashtirish asosida mustahkam innovatsion va texnologik alyansni shakllantirish masalasi ilgari surildi.
Menimcha, tashrifning eng muhim strategik jihatlaridan biri ham aynan shunda. Gap endi faqat investitsiya jalb qilish yoki tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish haqida emas. Asosiy maqsad – ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish, ularni mamlakatimiz iqtisodiyotiga keng joriy qilish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan ishlab chiqarishlarni tashkil etish va zamonaviy bilimlarga ega milliy kadrlar salohiyatini yuksaltirishdan iborat.
Joriy tashrif doirasida umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar tayyorlangani bu hamkorlikning amaliy ko‘lamini ko‘rsatadi. Savdo, investitsiyalar, muhim minerallar, transport va infratuzilma iqtisodiy sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilanmoqda. Koreya Eksimbanki bilan Strategik hamkorlik dasturining qabul qilingani ham uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish uchun muhim moliyaviy asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Ayniqsa, axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, tibbiyot, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sanoatida yuqori texnologik hamda raqamli yechimlarni joriy etishga qaratilayotgan e’tibor istiqbollidir. Oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha sun’iy intellekt sohasida hamkorlikka oid alohida hujjat qabul qilingani ham texnologik sheriklikning amaliy mazmun kasb etayotganidan dalolat beradi.
Bunda yana bir muhim masala – inson kapitali. Har qanday ilg‘or texnologiya uni o‘zlashtiradigan va yanada takomillashtiradigan bilimli mutaxassis mavjud bo‘lgandagina taraqqiyot omiliga aylanadi. Shu sababli Prezidentlar muzokaralarda ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida urg‘u bergani bejiz emas.
Bugun O‘zbekistonda Janubiy Koreya universitetlarining to‘rtta filiali pedagogika, axborot texnologiyalari, muhandislik, raqamli texnologiyalar va iqtisodiyotning boshqa ustuvor yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlamoqda. KOICA ko‘magida tashkil etilgan beshta kasb-hunarga o‘qitish markazi esa yoshlarni zamonaviy kasb va ko‘nikmalarga o‘rgatishga xizmat qilmoqda. Ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumining amaliy tajriba almashishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratilayotgani ham ilmiy-ta’lim hamkorligining istiqbollari keng ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston va Koreyani iqtisodiy manfaatlar bilan bir qatorda xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik rishtalari ham bog‘lab turadi. O‘zbekistonda yashayotgan ko‘p sonli koreys diasporasining ikki xalq o‘rtasidagi “ma’naviy ko‘prik” sifatida e’tirof etilishi ham bejiz emas. 2027-yilni “Madaniyat va o‘zaro almashinuvlar yili” deb e’lon qilish bo‘yicha erishilgan kelishuv esa ushbu munosabatlarning insonlar va xalqlar darajasidagi poydevorini yanada mustahkamlaydi.
Ayni paytda, davlat tashrifining ahamiyati ikki tomonlama munosabatlar doirasi bilangina cheklanib qolmaydi. 16-sentabr kuni o‘tkaziladigan birinchi “Markaziy Osiyo - Koreya Respublikasi” sammiti hamkorlikni mintaqaviy miqyosda yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Ushbu tarixiy muloqot maydoni savdo va investitsiyalar, transport va logistika, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda yangi tashabbus va loyihalarni ilgari surish uchun muhim imkoniyat yaratadi. Shu ma’noda, Seulda erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar bo‘lajak sammit natijalari bilan yanada boyib, O‘zbekiston - Koreya alohida strategik sherikligining mintaqaviy ahamiyatini yanada oshirishi kutilmoqda.
Umuman olganda, Davlatimiz rahbarining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida investitsiyadan – texnologik kooperatsiyaga, tayyor texnologiyalarni jalb qilishdan – innovatsion hamkorlikka, kadrlar tayyorlashdan – zamonaviy inson kapitalini birgalikda shakllantirishga o‘tish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Eng muhimi, bunday sheriklikning markazida inson, uning bilimi, salomatligi, kasbiy mahorati va farovonligi turibdi. Aynan shu jihat O‘zbekiston - Koreya aloqalarining yangi bosqichini nafaqat iqtisodiy manfaatli, balki uzoq muddatli taraqqiyot nuqtai nazaridan ham strategik ahamiyatga ega qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA