O‘zbekiston va Koreya Respublikasi hamkorlik bosqichlari infografikada (+video)
O‘tgan o‘n yillik davrda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi sanoat, tibbiyot, ta’lim va raqamli texnologiyalarni qamrab olgan alohida strategik sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi.
Mintaqaviy format besh mamlakat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, xomashyoni qayta ishlash va transport aloqalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2017–2025-yillarda Markaziy Osiyoning Koreya bilan savdosi 1,7 barobarga o‘sib, 5,7 mlrd dollarga yetdi. 2025-yilda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 1,7 mlrd dollarni tashkil etdi. 2026-yilning birinchi yarmida ushbu ko‘rsatkich 11,5 foizga o‘sib, 940 mln dollarga yetdi. O‘zbekiston eksportini kengaytirish istiqbollari Koreya bozori talablariga muvofiq to‘qimachilik, kabel mahsulotlari, oziq-ovqat va boshqa tovarlar yetkazib berish bilan bog‘liq.
Investitsiyaviy hamkorlik sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish uchun asos yaratmoqda. 2026-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Koreya kapitali ishtirokidagi 730 ta korxona faoliyat yuritgan. 2016–2025-yillarda Koreyadan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar hajmi qariyb 2 mlrd dollarga yetgan, shundan 474,5 mln dollari 2025-yilda jalb qilingan.
Hamkorlikning keyingi bosqichi muhim minerallarni chuqur qayta ishlash, sun’iy intellektni joriy etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va muhandis kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. O‘zbekistondagi qo‘shma loyihalar mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish uchun asos bo‘lishi, logistika va eksport infratuzilmasini rivojlantirish esa korxonalarning yangi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashishi mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Re4nyjlVgts" title="O‘zbekiston va Koreya Respublikasi hamkorlik bosqichlari infografikada" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Iskandar Ismatov, O‘zA