O‘zbekiston va Koreya: Muhim kelishuvlar imzolandi
Seul shahrida “Koreya va Markaziy Osiyoning o‘sish va innovatsiya yo‘lidagi kelajak hamkorligi” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Koreya Respublikasi savdo, sanoat va resurslar vaziri Kim Jung-Kvan, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning tegishli idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
E’tiborli jihati, mazkur uchrashuv “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” birinchi sammiti arafasida bo‘lib o‘tdi. Yangicha formatdagi vazirlar yig‘ilishi siyosiy muloqotni sanoat, savdo va texnologiya sohasidagi aniq kun tartibi bilan to‘ldirish, shuningdek mintaqa korxonalari va Koreya biznesi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.

Qayd etilganidek, 2025-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi bilan tovar ayirboshlash miqdori qariyb 10 foiz oshib, 10 milliard dollarga yetdi. Joriy yil yanvar-iyul oylarida ushbu ko‘rsatkich 25 foiz o‘sish bilan 6,5 milliard dollarni ko‘rsatdi. O‘zbekistonda Koreya va mintaqa mamlakatlari kapitali ishtirokidagi 3 000 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. Bu holat o‘zaro yetkazib berishdan ishlab chiqarishni tashkil etish, mahalliylashtirish va mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish imkonini bermoqda.

Keyingi qadamlar sifatida O‘zbekiston tomonidan texnik to‘siqlarni bartaraf etish, sertifikat va sinov natijasini o‘zaro tan olish, aniq yuqori texnologiyali loyihalarni o‘z ichiga olgan Sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqish, sanoat tashabbuslarining yagona raqamli platformasini yaratish hamda vazir o‘rinbosarlari darajasida doimiy faoliyat yurituvchi ekspert guruhini shakllantirish taklif etildi. Ilgari surilgan barcha tashabbuslar koreyslar tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.
Muhokamaning texnologiya qismi savdo, investitsiya, sanoat infratuzilmasi, muhim minerallar sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish, ishlab chiqarishga sun’iy intellektni joriy etish va kadrlar tayyorlash masalalariga bag‘ishlandi. Avtomatlashtirilgan sifat nazorati, uskunaga prognozli texnik xizmat ko‘rsatish, energiya samaradorligi va ishlab chiqarish ma’lumotini tahlil qilish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi. Markaziy Osiyo korxonalari texnologik ehtiyojini Koreya kompaniyalari salohiyati bilan uyg‘unlashtirish hamda muhandis va texnologlar uchun kasbiy stajirovka dasturlarini kengaytirish ham rejalashtirildi.
Yig‘ilish yakunida sanoat va ta’minot zanjiri sohasida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma memorandum imzolanib, “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” sanoat vazirlari Maslahatlashuv mexanizmi birinchi yig‘ilishi qo‘shma bayonoti qabul qilindi.

Dastur doirasida Laziz Qudratov va Kim Jung-Kvan muzokara o‘tkazdi. Strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalarni izlash va o‘zlashtirish bo‘yicha umumiy platforma yaratish, shuningdek eksport salohiyati va savdo hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlar imzolandi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA