O‘zbekiston va Koreya: ishonch, strategik sheriklik va umumiy taraqqiyot sari
Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi. Mazkur tashrif doirasida bir qator kelishuvlarga erishilmoqda. Mazkur tashrifning ahamiyati, mazmun-mohiyati haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva o‘z munosabatini bildirdi:

– Davlatimiz rahbarining Koreya Respublikasiga tashrifi doirasidagi uchrashuv va tadbirlar, ilgari surilayotgan tashabbuslar Toshkent va Seul o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlari bugun qanday yuksak darajaga ko‘tarilganini yana bir bor namoyon etmoqda. O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar bugun nafaqat ikki mamlakat uchun, balki Markaziy Osiyo va Sharqiy Osiyoni o‘zaro bog‘lab turuvchi muhim hamkorlik yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda.
Koreya Respublikasi O‘zbekiston davlat mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatlardan biri hisoblanadi. 1992-yil 29-yanvarda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilishi esa o‘zaro aloqalarning rasmiy va barqaror poydevorini yaratdi. O‘tgan davr mobaynida siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlik izchil rivojlandi. 2019-yilda munosabatlarning alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilishi esa bu jarayonning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bugun mazkur strategik sheriklik aniq amaliy natijalar bilan boyib bormoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasining yetakchi nashrlaridan biri — “The Chosun Daily”da e’lon qilingan “O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik” nomli maqolasi ham ikki davlat munosabatlarining bugungi mazmuni va istiqbollarini chuqur anglashda muhim ahamiyatga ega.
Maqolada ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi 5 barobarga oshdi. Koreyaning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari 8 milliard dollardan oshgan. Ayni paytda yurtimizda Koreya kapitali ishtirokida 700 dan ziyod qo‘shma korxona va loyihalar amalga oshirilmoqda. KOICA, Koreya Eksimbanki va EDCF bilan hamkorlikdagi loyihalar portfeli esa 3,5 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.
Bu raqamlar, avvalo, o‘zaro ishonchning iqtisodiy poydevori tobora mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Biroq, bugungi hamkorlikni faqat investitsiyalar va savdo ko‘rsatkichlari bilan baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Eng muhim jihat — ikki mamlakat munosabatlari yangi texnologik mazmun kasb etmoqda.
Koreya Respublikasining qisqa tarixiy davrda innovatsiya va yuqori texnologiyalarga tayangan ilg‘or iqtisodiyotga aylangani butun dunyoda e’tirof etilgan taraqqiyot tajribasidir. Mamlakatimizda esa Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, sanoatni texnologik yangilash, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Shu nuqtai nazardan Koreya tajribasi O‘zbekiston uchun muhim amaliy ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ikki mamlakat iqtisodiyotining o‘zaro to‘ldiruvchanligi kelgusida yangi o‘sish drayverlarini yaratish uchun katta imkoniyatlar ochmoqda. O‘zbekistonning tabiiy resurslari, geografik imkoniyatlari, katta bozori va yosh mehnat salohiyati Koreyaning ilg‘or texnologiyalari, investitsiyasi va innovatsion tajribasi bilan uyg‘unlashishi natijasida yangi qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlari shakllanadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, endi alohida sohalardagi muvaffaqiyatli hamkorlikdan umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirish bosqichiga o‘tish vaqti keldi. Bu yondashuvning strategik ahamiyati juda katta. Chunki zamonaviy dunyoda texnologiyaga ega bo‘lishning o‘zi emas, uni yaratish, takomillashtirish va eksport qila olish mamlakat iqtisodiy raqobatbardoshligining muhim omiliga aylanmoqda.
Shu bois, sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar, robototexnika, elektr transport vositalari, biofarmatsevtika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va “aqlli shaharlar” kabi yo‘nalishlarning O‘zbekiston – Koreya hamkorligining yangi ustuvor sohalari sifatida belgilanayotgani ayni muddaodir.
Bu loyihalarning yana bir muhim samarasi — yangi avlod kadrlarini tayyorlash, yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va inson kapitalini rivojlantirish. Zero, texnologiya va innovatsiyalarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi — bilimli va malakali inson. Shu sababli ta’lim, akademik almashinuv, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, mutaxassislar tayyorlash va kasbiy ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish strategik sheriklikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston – Koreya munosabatlarining o‘ziga xos jihatlaridan yana biri xalqlarimiz o‘rtasidagi insonparvarlik rishtalaridir. Yurtimizda istiqomat qilayotgan koreys millati vakillari O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bo‘lsa, Koreyada ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘ziga xos “insonlar ko‘prigi” vazifasini bajarmoqda. Demak, strategik sheriklikning poydevori nafaqat davlatlar o‘rtasidagi hujjatlar va kelishuvlar, balki xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchga ham tayanadi.
Seulda ilk bor o‘tkazilayotgan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti mintaqaviy hamkorlik nuqtai nazaridan muhim tarixiy voqeadir. Bugun Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy iqtisodiy salohiyati oshib, mintaqa xalqaro iqtisodiy munosabatlarda tobora muhim o‘rin egallamoqda. Shunday sharoitda Koreyaning texnologik, investitsiyaviy va innovatsion salohiyatini Markaziy Osiyoning imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirish yangi iqtisodiy loyihalar, transport yo‘laklari, raqamli yechimlar, “yashil” texnologiyalar va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyat yaratadi.
O‘zbekistonning ushbu formatda siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va yangi samarali mexanizmlarni shakllantirishga qaratilgan tashabbuslari mamlakatimizning mintaqaviy jarayonlardagi faol va konstruktiv pozitsiyasini ko‘rsatadi.
Bugun O‘zbekiston – Koreya munosabatlari bir muhim bosqichdan boshqasiga o‘tmoqda. Dastlab diplomatik aloqalarga asos solingan bo‘lsa, keyinchalik siyosiy ishonch va iqtisodiy sheriklik mustahkamlandi. Endi esa hamkorlikning markaziga innovatsiya, yuqori texnologiya, inson kapitali va mintaqaviy taraqqiyot masalalari chiqmoqda. Bu jarayonni “do‘stlikdan — ishonchga, ishonchdan — strategik sheriklikka, strategik sheriklikdan — umumiy taraqqiyot va texnologik hamkorlikka” olib borayotgan izchil yo‘l sifatida baholash mumkin.
Prezidentimizning davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, yangi kelishuv va loyihalarga yo‘l ochish bilan birga, O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyot strategiyasida Koreya bilan sheriklik qanday muhim o‘rin tutishini ham namoyon etmoqda. Ishonchimiz komilki, bugun shakllanayotgan yangi hamkorlik modeli nafaqat O‘zbekiston va Koreya xalqlari farovonligiga, balki Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, innovatsiyalar va umumiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA