O‘zbekiston va Iroq turizm hamda aviaqatnovlar sohasida hamkorlikka kelishdi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston va Iroq o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.
Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Iroq Iqtisodiy kengashi bosh direktori Xayder Ali Xadi hamda Iroq ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida turizm, investitsiyalar va ishbilarmonlik almashinuvlari sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Tomonlar ikki mamlakat fuqarolarining O‘zbekiston va Iroqning sayyohlik imkoniyatlariga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ta’kidlab, bu holat o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganini qayd etdi.
Uchrashuvda sayyohlar oqimini ko‘paytirish, ikki mamlakat bozorlarida O‘zbekiston va Iroqning turizm salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, sayyohlik kompaniyalari va soha tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston va Iroq o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildi. Jumladan, Bag‘dod – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlarni tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu esa turizm va ishbilarmonlik aloqalarining yanada faollashishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat turizm sohasi vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, biznes-missiyalar va B2B uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish amaliyotini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Iroqning turizm salohiyatini har ikki mamlakat bozorlarida birgalikda targ‘ib qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mutasaddilar mazkur hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga, sayyohlar oqimini oshirishga hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA