O‘zbekiston va Indoneziyani bog‘lagan ma’rifat ko‘prigi
Bugun poytaxtimizdagi Xalqaro islomshunoslik akademiyasida “O‘zbekiston – Indoneziya tajriba almashinuv dasturi” doirasida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi ma’rifiy yaqinlik, jamoaviy hamjihatlik va bag‘rikenglik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Prezident Administratsiyasining Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti rahbari Muzaffar Kamilov, Mahallalar uyushmasi raisi Qahramon Quranboyev, Indoneziyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Siti Ruxayni Juhayatin, ekspertlar, tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
[gallery-29518]
Yig‘in davomida ishtirokchilar mahalla va kampung tizimlarining tinch muhitni saqlash, ahillikni kuchaytirish, turli qarashlar o‘rtasida o‘zaro hurmatni qaror toptirishdagi o‘rni haqida fikrlar bildirishdi. Dasturdan milliy liboslar namoyishi, an’anaviy taomlar ko‘rgazmasi ham o‘rin oldi. Akademiya talabalari ijrosidagi qo‘shiq va raqslar mehmonlarda iliq taassurot uyg‘otdi.
Anjuman yakunida Xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Indoneziyaning Sunan Kalija davlat islom universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, xorijlik vakillar Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, o‘lkamizdagi ma’naviy meros va islohotlar bilan yaqindan tanishdi.
Umuman olganda, mazkur tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ta’lim yo‘nalishidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi, deyish mumkin.
Musulmon Ziyo,
Otabek Mirsagatov (foto),
O‘zA