O‘zbekiston va Hindiston yetakchilari muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari yuzasidan fikr bildirdilar.
Davlatimiz rahbari Hindiston Bosh vazirining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi katta ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston yetakchisi ushbu sermahsul muzokaralar davlatlarimiz o‘rtasidagi samimiy do‘stlik, yuksak hurmat va o‘zaro ishonchning yana bir yorqin ifodasi bo‘lganini qayd etdi.
Hindiston jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor va nufuzga ega bo‘lgan ishonchli va salohiyatli strategik sherik ekani e’tirof etildi. Hindistonning raqamli texnologiyalar, dasturiy ta’minot va startaplar sohasidagi ulkan yutuqlari yuqori baholandi.

Shu sabab tashrifga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi, salmoqli hujjatlar to‘plami, jumladan, Qo‘shma bayonot qabul qilinib, qator hukumatlararo bitimlar imzolandi.
Ikki tomonlama munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Asosiy e’tibor iqtisodiy masalalarga qaratildi. O‘tgan yili o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 33 foizga o‘sib, 1,3 milliard dollarni tashkil qildi. Ushbu raqamni 2030-yilga qadar 5 milliard dollarga yetkazish rejasi belgilandi.
Tashrif doirasida muhim qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli ishlab chiqildi. Bir qator yirik hind kompaniyalari bilan aniq kelishuvlarga erishildi.

Muloqotlar davomida energetika, nodir minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, elektronika, mashinasozlik, zargarlik va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kuchaytirish uchun yangi “o‘sish nuqtalari” belgilab olingani ma’lum qilindi.
Xalqaro va mintaqaviy maydonlarda, jumladan, BMT, SHHT, Qo‘shilmaslik harakati, BRIKS va Global janub mamlakatlari bilan hamkorlik doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Madaniy-gumanitar aloqalar haqida so‘z yuritilar ekan, yurtimizda Hindistonning 4 ta oliygohi faoliyat ko‘rsatayotgani hamda Lal Bahodur Shastri va Mahatma Gandi nomidagi markazlar samarali ishlayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, 30 kunlik vizasiz tartib va haftasiga 14-marta amalga oshirilayotgan havo qatnovlari turizmni rivojlantirishga katta hissa qo‘shishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosini to‘liq ta’minlash maqsadida keng qamrovli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini bildirib, hindistonlik hamkasbi va barcha ishtirokchilarga minnatdorlik izhor etdi.