O‘zbekiston va Germaniya munosabatiga bir nazar...
Poytaxtimizda “O‘zbekiston – Germaniya: hamkorlikning yangi ufqlari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Yuqori darajadagi tadbirda ishtirok etayotgan mahalliy va xorijiy mutaxassislar, ikki davlat siyosiy idoralari rahbarlari O‘zbekiston – Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik istiqbolini muhokama qilyapti.
Qayd etishlaricha, so‘nggi o‘ttiz yil ichida qator sohalarda munosabatimiz ishonchli va amaliy yo‘nalishga ega bo‘ldi. Xalqaro aloqalarimiz 2017 yildan buyon amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlar, mamlakatimiz olib borayotgan ochiq va ishonchli qo‘shnichilik tashqi siyosati tufayli barqaror rivojlanish sur’atini olib, bugungi kunda ishonchli, izchil o‘sish yo‘nalish kasb etgan. Bunga, asosan, oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotning jadallashishi mustahkam zamin yaratyapti, deyish mumkin.
2019 yil yanvar oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha iqtisodiyot, savdo, moliya, ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalarida 80 dan ziyod bitimdan iborat sermazmun hujjatlar to‘plami imzolangani tilga olindi. O‘sha yil mayda Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Oliy darajadagi konstruktiv siyosiy muloqot 2020-2021 yillarda pandemiya sharoitida ham davom etdi.
Suhbat chog‘ida parlamentlararo aloqa faol rivojlanayotgani, mamlakatlar parlament delegatsiyalarining o‘ndan ziyod o‘zaro tashrifi uyushtirilgani, muntazam ravishda vazirliklar aro siyosiy maslahatlashuv o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.
Darhaqiqat, Germaniya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlat sifatida bizni demokratik huquqiy davlat, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti asoslarini rivojlantirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlayapti.
Mamlakatimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikka nisbatan qiziqish Germaniyaning yurtimizdagi Konrad Adenauer, Fridrix Ebert, Xans Zaydel nomidagi ijtimoiy-siyosiy jamg‘armalari hamda Xalqaro huquqiy hamkorlik fondi, shuningdek, Gyote nomidagi institut, Germaniya universitetlari assotsiatsiyasi, Germaniya akademik xizmati, Xorijdagi maktablar boshqarmasi nemis tili bo‘yicha koordinatori byurosi singari ta’lim tuzilmalarining keng vakilligida namoyon bo‘lgan. Mazkur tuzilmalar o‘zaro manfaatli barcha sohalarda muloqot va hamkorlikni izchil rivojlantirish uchun mustahkam platforma yaratgan.
Bundan tashqari 2017 yildan boshlab mamlakatimiz tomonidan Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qilib kelayotgan O‘zbekiston – Germaniya ishbilarmonlar kengashi faoliyati sezilarli darajada faollashdi. Kengash majlislari Frankfurt, Berlin, Myunxen va Gamburgda o‘tkazildi. So‘nggi 5 yil ichidagi tashriflar doirasida respublikamiz delegatsiyasi Bavariya federal yeri rahbari, Germaniya mehnat va ijtimoiy masalalar vaziri, shuningdek, Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari bilan qator muzokaralar o‘tkazgan.
SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari A.Ne’matov ta’kidlaganidek, bugungi kunda Germaniya O‘zbekistonning eng yirik beshta savdo va investitsiya hamkori qatoriga kiradi. Hamkorlarimiz orasida Germaniya O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy mashina va uskunalarning eng yirik yetkazib beruvchisi hisoblanadi. Bularning bari O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish, iqtisodiyotimizni diversifikatsiya qilish, muvozanatli va mustaqil tashqi siyosat yuritishga muhim hissa qo‘shmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda nemis biznesi mavjudligi o‘sib bormoqda. Natijada investitsiya hajmi 2 barobar, ya’ni 700 million dollardan munosabatlarimiz tarixida misli ko‘rilmagan 1,5 milliard dollargacha oshdi. Ushbu investitsiyalar, avvalo, xom ashyoni qazib olish va qayta ishlash, qurilish materiallari yetkazib berish, ishlab chiqarish, farmatsevtika, meva- sabzavot, kon-ruda, kimyo sanoati, energetika kabi iqtisodiyotimizning asosiy tarmoqlariga yo‘naltirilgan. Iqtisodiyotni liberallashtirish siyosati orqali mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash GFR investorlarini jalb qilmoqda. bugungi kunda O‘zbekistonda 31 ta Germaniya kompaniyasi vakolatxonasi ro‘yxatdan o‘tgan. Ushbu davlat kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 219 taga yetdi, o‘nlab qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. 2016 yildan boshlab “Siemens”, “BASF”, “Thyssen Group”, “Roland Berger”, “Adidas Group”, “Papenburg”, “Falk Porsche” kabi yirik kompaniyalar O‘zbekiston bozoriga kirib kelishdi.
Energetika sohasidagi muloqot rivojlanmoqda. Bu borada Germaniyaning nufuzli “Siemens Energy”, “Viessman” kompaniyalari hamkorligida elektrostansiya qurish, mutaxassis tayyorlash, muqobil energetikani tatbiq etish, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida suv ta’minoti, transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi va chorvachilikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan qator loyihalar rejalashtirildi.
Mamlakatimiz ham kengaytirilgan nemis bozorini kashf etmoqda. 2022 yil O‘zbekiston tovarlari eksporti ilk bor rekord natijani qayd etdi – 88,9 million dollar. Eksport qilinayotgan asosiy tovarlar tarkibini meva-sabzavot, tayyor to‘qimachilik va sanoat mahsulotlari, turli xizmatlar tashkil qildi. A.Ne’matov ta’kidlaganidek, Germaniya islohotlarimiz izchil rivojlanishi darajasini va taraqqiyotimiz istiqbolini e’tirof etib, O‘zbekistonga moliyaviy-texnik yordam ko‘lamini kengaytirmoqda.
Hamkorlikning madaniy-gumanitar yo‘nalishi ham ijobiy manzara kasb etgan. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda nemis madaniyati va tilini o‘rganishga qiziqish ortdi. 2016 yil maktablarimizda 236 ming o‘quvchi nemis tilini o‘rgangan bo‘lsa, bugungi kunda bunday o‘quvchilar soni 500 mingga yaqinlashgan. O‘zbek yoshlari nemis tilini o‘rganadigan umumiy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari soni 950 tadan 1 300 ga ko‘tarildi. Germaniyaning turli oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlarida 700 dan ziyod o‘zbek talabasi, aspirant va doktoranti tahsil olmoqda.
Toshkentning konstruktiv mintaqaviy siyosati tufayli Germaniya va Markaziy Osiyo mamlakatlari ishtirokida hamkorlikning yangi ufqlari belgilab olingan. Mintaqaning barcha davlatlari o‘rtasidagi ochiqlikni, muloqotni qo‘llab-quvvatlash respublikamizning asosiy tamoyilidir. O‘zbekiston va GFR global va mintaqaviy yo‘nalishda, xususan, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, narkotik savdosi, iqlim o‘zgarishi, mintaqaviy xavfsizlik masalalarida umumiy yoki o‘xshash yondashuvga amal qilmoqda. Xususan, Berlin O‘zbekistonning mintaqadagi yaxshi qo‘shnichilik siyosatini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Bu Yevropa Ittifoqining 2019 yilda Markaziy Osiyo uchun yangilangan strategiyasi va yangi " Global Gateway "strategiyasida aks etgan. Ushbu hujjatlar ko‘p qirrali munosabatimizni mustahkamlash, Markaziy Osiyo davlatlarining infratuzilmaviy rivojlanishi, shuningdek, xalqaro ishlab chiqarish-logistika zanjiri va transport yo‘laklariga integratsiyalashuvni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Markaziy Osiyo barqaror rivojlanish uchun o‘zaro bog‘liq maydonga aylanib, yirik bozor sifatida Germaniyaning hududga qiziqishini oshirmoqda. O‘z navbatida, integratsiya jarayonini yanada mustahkamlash uchun mintaqa mamlakatlari Yevropa Ittifoqi, birinchi navbatda Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Bu Markaziy Osiyoning resurs-xom ashyo, ishlab chiqarish, transport-logistika va intellektual salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, global qo‘shilgan qiymat zanjiriga integratsiya, nafaqat mintaqada, balki tashqarida ham barqaror rivojlanish, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning muhim omili sifatidagi mintaqaviy sub’ektivligini mustahkamlash imkonini beradi.
O‘zbekistonning Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonga jalb etish borasidagi sa’y-harakati alohida e’tiborga loyiq. Bu mintaqalararo aloqani rivojlantirmoqda. Umuman, O‘zbekiston rahbarining GFRga tashrifi arafasida bunday vakolatli va muhim konferensiya o‘tkazilishi kun tartibidagi ko‘plab dolzarb masalalarni muhokama qilish imkonini berdi. Anjumanda ishlab chiqilgan taklif, tavsiyalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yangi ikki tomonlama kelishuvlarga asos bo‘lishi shubhasiz.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA