O‘zbekiston va Belarus Prezidentlari samarali muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko muzokaralar yakunlari to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Davlatimiz rahbari Aleksandr Lukashenkoga samimiy qabul va iliq mehmondo‘stlik uchun chin dildan minnatdorlik bildirib, Belarus xalqini yaqinda nishonlangan Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.
Ushbu rasmiy tashrif O‘zbekiston – Belarus munosabatlari rivojida tarixiy voqea ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Jumladan, Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolangani sammitning asosiy natijalaridan biri bo‘ldi.


O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlaganidek, mazkur hujjat davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda yangi sahifa ochib, tomonlarning ko‘p qirrali sheriklikni uzoq muddatli rivojlantirish borasidagi qat’iy intilishini tasdiqlaydi.
Muzokaralarga katta tayyorgarlik ko‘rilgani ularning muvaffaqiyatli o‘tishida muhim omil bo‘lgani qayd etildi.
Tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar, uchinchi Hududlararo forumi, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda tahliliy doiralar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish hamda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.


Sammit oldidan tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni hamda ustuvor sohalardagi yangi loyihaviy tashabbuslarni qamrab olgan kompleks reja qabul qilindi.
Bunda qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, mikroelektronika, to‘qimachilik, mebelsozlik va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirish nazarda tutilgan.
O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi va turdosh infratuzilmani qurishda Belarus tajribasini qo‘llash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchinchi O‘zbekiston – Belarus Hududlararo forumining yakunlari yuqori baholandi. Forum ishida O‘zbekistonning 230 nafarga yaqin tadbirkorlari ishtirok etdi.


Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, SHHT va Qo‘shilmaslik harakati kabi mintaqaviy hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga intilish qat’iy ekani ta’kidlandi.
Madaniyat va san’at, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda turizm sohalaridagi faol almashinuvlar davom ettiriladi.
Davlatimiz rahbari Minsk shahrida O‘zbekiston – Belarus do‘stligi xiyobonini barpo etish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi.
Joriy yilda navbatdagi tibbiyot, ta’lim va turizm forumlarini tashkil etishga ahdlashib olindi.
Yakunda bugungi tarixiy tashrif natijalari strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga hamda ikki mamlakatning barqaror rivojlanishi va farovonligiga har tomonlama xizmat qilishi ta’kidlandi.