O‘zbekiston va Belarus agrar ilm-fan sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘lib turibdi.
Ushbu tashrif doirasida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Milliy fanlar akademiyasi prezidiumi raisi Vladimir Karanik bilan uchrashdi.
Muloqotda qishloq xo‘jaligida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, seleksiya, urug‘chilik va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
1929-yilda tashkil etilgan Belarus Milliy fanlar akademiyasi mamlakatning yetakchi ilmiy muassasalaridan biri sanaladi. Akademiyada ekinlar seleksiyasi, urug‘chilik, kartoshkachilik, chorvachilik, qishloq xo‘jaligi texnikalarini takomillashtirish hamda o‘simliklarning genetik resurslarini saqlash yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Uchrashuvda Belarus Milliy fanlar akademiyasining Jodino shahrida joylashgan Yerchilik bo‘yicha ilmiy-amaliy markazi faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Mazkur markazda ekinlar seleksiyasi, elita urug‘lari yetishtirish, o‘simliklarning genetik resurslarini o‘rganish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni ishlab chiqish yo‘nalishlarida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, Belarus olimlari tomonidan yaratilayotgan yuqori hosildor navlar, resurs tejamkor texnologiyalar, aniq dehqonchilik tizimlari, avtomatlashtirilgan texnika va raqamli yechimlar qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Tomonlar hamkorligining amaliy natijalaridan biri sifatida 2024-yil avgust oyida O‘zbekiston O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti va Milliy genbanki vakillarining Belarusdagi mazkur markazga tashrifi hamda o‘simliklar genetik resurslarini yig‘ish, o‘rganish, saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha xalqaro hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolangani eslatib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qishloq xo‘jaligida ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, ilg‘or tajribalarni almashish hamda innovatsion ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
M. HOJIAKBAROVA,
O‘zA