O‘zbekiston va Argentina agrar sohada yangi loyihalarni muhokama qildi
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xorijiy davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan muloqotlar o‘zaro manfaatli loyihalar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Nuriddin Qo‘shnazarov Argentinaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Enrike Ignasio Ferrer Viyeyra bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Argentina o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Xususan, agrosanoat tarmog‘iga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, seleksiya va urug‘chilik, chorvachilik, agrar ilm-fan, mutaxassislar malakasini oshirish, shuningdek, investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish hamda ikki mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasidagi sherikligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan amaliy hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Marhabo Hojiakbarova,
O‘zA