O‘zbekiston uzumlari yangi bozorlarga chiqmoqda (+video)
O‘zbekistonning yangi uzilgan uzumi jahon bozorlarida tobora ko‘proq talabga ega.
O‘zbekistonning xalqaro bozorlarda talab ortayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari orasida yangi uzilgan uzum alohida o‘rin tutadi. Xususan, 2025-yilda Buyuk Britaniya, Skandinaviya davlatlari va Janubiy Koreya kabi yirik bozorlarga eksport hajmi oshgan. O‘zbekistonning eksport geografiyasini kengaytirish uchun katta salohiyat mavjud. Buni mahalliy uzum eksporti misolida yaqqol ko‘rish mumkin. 2024-yilda O‘zbekistondan 219,1 ming tonna uzum eksport qilingan. 2025-yilda ham o‘sish sur’atlari saqlanib, bu ko‘rsatkich qariyb 14 foizga oshgan.
– 2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra O‘zbekistondan xorijiy davlatlarga 123 million dollarlik uzum mahsulotlari eksport qilindi, – deydi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassisi Nargiza Murodjonova. – Bunda asosiy bozorlar: Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus va Pokiston davlatlari hisoblanadi. Xorijiy davlatlarga amaldagi fitosanitariya ruxsatnomalari talablariga muvofiq 67 ta davlatga eksport qilish imkoniyatiga egamiz. Hozirgi kunda ushbu ro‘yxat kengaytirilib, Janubiy Koreyadan krantin xizmati xodimlari O‘zbekistonda yetishtirilgan uzum bog‘lari hamda qadoqlash korxonalarini ko‘rikdan o‘tkazishmoqda. Koreyalik mutaxassislar xulosalaridan kelib chiqib, eksportchi korxonalar reyestri shakllantiriladi.
Eksport geografiyasining kengayishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi xaridorlar, eksportchilar uchun esa savdo imkoniyatlarini diversifikatsiya qilish imkoniyatini yaratadi. Ayni paytda uzum eksportida 369 ta mahalliy korxona faol ishtirok etmoqda. Mahsulot yetishtiruvchi va qadoqlovchi ushbu sub’ektlarga yangi bozorlar talablarini joriy etishda ko‘mak berilmoqda. Sababi, mamlakatimizda ko‘plab davlatlarda bo‘lgani kabi “daladan dasturxongacha” tamoyilini qo‘llash choralari ko‘rilyapti. Bu esa mahsulotning yetishtirilishdan tortib, tashqi bozorga chiqarilishigacha bo‘lgan barcha jarayonlarda shaffoflik va kuzatuvchanlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA