O‘zbekiston U17 terma jamoasi ishtirok etayotgan Osiyo kubogida ilk tur yakunlandi
Shu kunlarda Saudiya Arabistonida futbol bo‘yicha U17 yosh toifasidagi Osiyo kubogi bo‘lib o‘tmoqda. 22-may kuniga qadar o‘tadigan mazkur musobaqada guruh bosqichining 1-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Dastlab biz uchun ahamiyatli bo‘lgan “D” guruhidagi uchrashuvlar haqida to‘xtalib o‘tamiz. Musobaqaga tashlangan qur’a natijasiga ko‘ra, Sergey Chigodayev qo‘l ostidagi O‘zbekiston U17 terma jamoasi ilk o‘yinini Shimoliy Koreya termasiga qarshi o‘tkazishi kerak edi. Biroq, raqib jamoa turnirda ishtirok etmayotgani sababli bahs o‘tkazilmadi. Guruhimizdagi Avstraliya va Hindiston uchrashuvi 4:0 hisobida o‘z yakuniga yetdi.

Shu tariqa avstraliyalik futbolchilar ilk tur yakuniga ko‘ra “D” guruhida 3 ochko bilan peshqadam bo‘lib oldi. Endi 2-turda 10-may kuni O‘zbekiston va Hindiston termalari o‘zaro raqobatlashadi. Avstraliya esa dam oladi.

Osiyo kubogining “C” guruhida esa Vetnam 1:0 hisobida Yamanni taslim etdi va 3 ochko to‘plab, guruh peshqadamiga aylandi. Janubiy Koreya va BAA terma jamoalari esa 1:1 hisobida durang o‘ynab, 2-3- o‘rinni band etdi. Guruhdagi ikkinchi tur uchrashuvlari 10-may kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Vetnam – Janubiy Koreya, BAA – Yaman to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz.

"B" guruhida kutilganidek, Yaponiya 3:1 hisobida Qatarni, Indoneziya 1:0 hisobida Xitoyni taslim etdi va gollar nisbatiga ko‘ra ushbu jamoalar 3 ochkodan to‘plab, 1-2-o‘rindan joy oldi. Mazkur guruhning ikkinchi turida Xitoy – Yaponiya va Qatar – Indoneziya jamoalari raqobatlashadi.

Turnir mezboni bo‘lgan Saudiya Arabistoni "A" guruhidagi ilk o‘yinini Myanma termasiga qarshi o‘tkazdi. Ushbu o‘yinda mezbonlar 4:0 hisobida zafar quchib, guruh peshqadamiga aylandi. Tojikiston esa 2:0 hisobida Tailandni mag‘lub etdi va gollar nisbatiga ko‘ra 2-o‘rinni band etdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA