O‘zbekiston-Turkmaniston: do‘stlik rishtalari mustahkamlanmoqda
Xalqimiz turkman xalqi bilan azaldan yonma-yon, ahil-inoq yashab kelgan, bir daryodan suv ichgan. O‘zaro savdo-sotiq qilgan, bir-birining madaniyatini boyitgan.
Bu yaqinlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojiga asos bo‘lmoqda. O‘zbekiston – Turkmaniston aloqalari 2007 yil imzolangan Do‘stona munosabatlar va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi davlatlararo shartnoma asosida izchil taraqqiy etmoqda.
Oliy darajadagi tashriflar muntazamlik kasb etgani munosabatlarning yuksak darajasidan dalolatdir. Davlatlarimiz savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, turizm kabi sohalar bilan birga suv xo‘jaligi yo‘nalishida ham sheriklikni rivojlantirmoqda.
Bugungi kunda Amudaryodan Surxondaryo viloyatida Amu-Zang, Qashqadaryo viloyatida Qarshi magistral kanali nasos stansiyalari kaskadi, Buxoro viloyatida Amu-Buxoro mashina kanali nasos stansiyasi orqali suv olinadi. O‘z navbatida, Qarshi magistral kanali orqali Turkmaniston hududiga suv yetkazib beriladi. Qarshi magistral kanali nasos stansiyalari kaskadining Turkmaniston hududida joylashgan 6 ta nasos stansiyasidan o‘zbekistonlik suvchilar qo‘shni davlat hududida turib bemalol foydalanadi.
Turkmaniston Amudaryodan o‘z hududidagi Qoraqum va boshqa kanallar hamda kichik nasos stansiyalari orqali suv oladi.
O‘zbekistonning Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Turkmanistonning Toshhovuz viloyati hududlarini suv bilan ta’minlovchi Tuyamo‘yin suv ombori ikki mamlakat chegarasida joylashgan. Мажмуадан chiqadigan suv “Turkmandaryo” hamda “Chapqirg‘oq” magistral kanallari, shuningdek Tuyamo‘yin suv tarmog‘i pastki qismi, Amudaryoning chap tomonidan “Xoniob”, “Jumaboy soqa”, “Qilichniyozboy” va “Qipchoq-Bo‘zsuv” kanallari orqali Toshhovuz viloyati hududlariga yetkazib beriladi.
2021 yil 26 may kuni Ashxobod shahrida ikki hukumat o‘rtasida Suv masalasi bo‘yicha O‘zbekiston – Turkmaniston hukumatlararo qo‘shma komissiyasi to‘g‘risida hamda “Tuyamo‘yin” suv tarmog‘i “Sultonsanjar” to‘g‘onida suv filtratsiyasiga qarshi devor qurish loyihasi yuzasidan bitimlar imzolangan.
Hozirgacha ushbu komissiya 4 marta yig‘ildi, 2025 yil majlisi Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
“Sultonsanjar” to‘g‘onida yuqorida tilga olingan loyiha amalga oshirilishi natijasida qo‘shimcha 1 milliard kub/metr suv to‘plash, shuningdek 1,2 million gektar maydon suv ta’minotini yaxshilash hamda kafolatli ichimlik suvi zaxirasini oshirishga erishiladi. Shu bilan birga sel-toshqin xavfi kamaytirilib, qo‘shimcha suv yig‘ish imkoniyati ortadi.
Bundan tashqari Turkmanistonda joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazish hamda 2019 yil COVID-19 sabab faoliyatini to‘xtatgan nazorat o‘tkazish manzillari faoliyatini suv xo‘jaligi ob’ektlarida xizmat qiluvchi ishchi-xodimlar uchun qayta tiklash masalasi ham ijobiy hal etilmoqda.
Hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyati doirasida 2021 yil 5 oktyabr kuni mamlakatimiz Suv xo‘jaligi vazirligi va qardosh Suv xo‘jaligi davlat qo‘mitasi o‘rtasida suv tejovchi texnologiya sohasida hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.
Qarshi magistral kanalidan suv olish nuqtalarini xatlovdan o‘tkazish hamda Turkmaniston Davlat suv xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish instituti, “Turkmensuvilimtaslama” loyiha instituti va O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish borasida kelishuvga erishilgan.
Joriy yil Turkmaniston hududidagi “Ozyorniy” hamda “Daryolik” magistral kollektorlarini rekonstruksiya qilish 2-bosqich loyihasi amalga oshirildi. Ikkala mamlakat sug‘oriladigan yer maydonlarining meliorativ holatini yaxshilashda samara bergani uchun mazkur tashabbusni 2026 yil ham davom ettirish rejalashtirilgan.
Turkmaniston suv xo‘jaligi tarmog‘i bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham sheriklik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy-tadqiqot universitetida 2000 nafarga yaqin turkman talabalari tahsil olmoqda. Qarshi magistral kanallaridan foydalanish hamda Amu-Buxoro mashina kanallaridan foydalanish boshqarmalari tasarrufida Turkmanistonning 700 ga yaqin fuqarosi o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan birga ishlamoqda.
Suv mamlakatlar taraqqiyoti, xalqlar farovonligini belgilovchi muhim ne’mat. Shu bois O‘zbekiston va Turkmaniston transchegaraviy daryo suvlaridan birgalikda foydalanib, hamkorlikda taraqqiyotning yuksak cho‘qqilari sari intilmoqda.
Rustam Qarshiyev,
Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari
O‘zA