O‘zbekiston – Turkiya: ta’lim sohasidagi keng qamrovli hamkorlik
Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim kengashi a’zolari va qator oliy ta’lim muassasalari rektorlaridan iborat delegatsiya mamlakatimizga keldi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 24 yanvar kuni tashrif doirasidagi ilk tadbir, “O‘zbekiston – Turkiya: ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqboli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Turkiya Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, shuningdek, 20 dan ziyod oliy ta’lim muassasasi rektorlari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida ikki mamlakatning oliy ta’lim tizimi, sohadagi siyosatni belgilash, universitetlar manfaati va mamlakatlar milliy taraqqiyoti rejasida ko‘rsatilgan umumiy vazifalar xususida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida universitetlararo hamkorlik jadal rivojlanib boryapti. Ayni jarayonda texnika va muhandislik sohasiga oid fanlarni rivojlantirish, shu yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Energetika va muqobil energiya manbalari, mashinasozlik, arxitektura va qurilish, to‘qimachilik va kimyo sanoati texnologiyasi, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmatsevtika tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlanmoqda.
[gallery-5551]
Abduqodir Toshqulov yurtimiz ta’lim tizimida tub o‘zgarishlar sodir bo‘layotgani, bu jarayonda Turkiya tomonining salmoqli hissasi borligini ta’kidladi. O‘zbekistonda 2016 yilga qadar 77 ta oliy o‘quv yurti faoliyat olib borgan, keyingi davrda esa sohada yana 81 oliy ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. So‘nggi besh yilda talabalar qamrovi 4 barobar oshdi. Ilgari maktab, kollej va litsey bitiruvchilarining atigi 9 foizi o‘qishga kirgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 30 foizga yetgan.
Tadbirda mamlakatimizda Turkiyaning yetakchi universitetlari filiallarini tashkil etish, o‘zbekistonlik talabalarning Turkiya oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishi uchun grant ajratish, ta’lim tashkilotlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, texnika va muhandislik sohalari uchun kadrlar tayyorlash, matematika, fizika, kimyo, geologiya kabi yo‘nalishlarda hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, Toshkent shahrida O‘zbek-Turk universitetini ochish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
– Ikki qardosh el o‘rtasidagi hamkorlik ildizi uzoq o‘tmishga taqaladi, – dedi Erol O‘zvar. – Ayni payt Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 2,5 mingga yaqinlashdi. bugungi davra suhbatida tomonlarning eng nufuzli universitet, institutlari rahbarlari o‘zaro tajriba almashish maqsadida yig‘ilgan. Ikki mamlakat yetakchilari tashabbusi o‘laroq, “Toshkent shahridagi O‘zbek-Turk universiteti” faoliyatini yo‘lga qo‘yish niyatidamiz.
Avvallari hamkorligimiz turkshunoslik, turk tili va adabiyoti, o‘zbek tili va adabiyoti, mintaqashunoslik, Markaziy Osiyo xalqlari tarixi yo‘nalishlarida edi. So‘nggi yillarda esa aloqalar kengayib, arxitektura va qurilish, turizm va mehmonxona ishi, yengil sanoat va to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish texnologiyalari sohalarini ham qamrab oldi. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Turkshunoslik” fakulteti mavjud.
Anjuman davomida “Toshkent shahrida O‘zbek-Turk universiteti”ni tashkil etish to‘g‘risida tuzilajak Bitim va “O‘zbek-Turk universiteti” to‘g‘risidagi Nizom loyihalari bo‘yicha ekspertlar fikri tinglandi, taqdimotlar namoyish qilindi.
U. Mahmirzayev, B. Xudoyberdiyev, O.G‘ulomov(surat), O‘zA