O‘zbekiston turizmi: yangi ufq va imkoniyatlar
Mamlakatimizda turizm infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolarni hal etish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va milliy turizm mahsulotlarini jahon bozorida faol targ‘ib qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Milliy iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida sohani rivojlantirish, xususan yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilnan.
O‘zbekiston turizmi nafaqat faol dam olish, balki bilim olish maqsadida uyushtiriladigan sayohat turlarini ham taklif etadi. Bu jarayonda diyorimizning boy arxeologik va diniy tarixi shu bilim ob’ekti hisoblanadi.
Ayni payt ulkan sayyohlik va rekreatsion salohiyatga ega respublikaamizda 7 400 dan ziyod madaniy meros manzili bor.
86 davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgani mamlakatimizga kirishni sezilarli darajada osonlashtirgan. Fuqarolari uchun kirish vizasi olishning soddalashtirilgan tartibi joriy qilingan mamlakatlar soni keyingi yillarda 12 tadan 50 taga yetkazildi.
Statistika agentligi hisobotiga ko‘ra, 2024 yilning yetti oyi davomida o‘lkamizga 4,2 millionga yaqin sayyoh kelgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,3 foiz ko‘pligi mamlakatimiz turizm jozibadorligi ortib borayotganidan dalolat.
Sayyohlar soni bo‘yicha Markaziy Osiyo yetakchi – Qirg‘iziston va Tojikiston (1,2 million kishi), Qozog‘iston (845 800). Keyingi o‘rinlarda Rossiya (442 100), Turkmaniston (83 700), Turkiya (62 000), Xitoy (35 500), Hindiston (33 300), Janubiy Koreya (23 900) va Italiya (19 500).
So‘nggi yillarda respublikada “Hilton Tashkent City”, “Hyatt Regency Tashkent”, “Silk Road Samarkand”, “Afsonalar vodiysi”, “Horezm-Plaza” kabi yirik sayyohlik majmualari barpo etildi. 2026 yilga kelib xorijiy sayyohlar sonini 9 millionga yetkazish rejalashtirilgan.
Turizm iqtisodiy tarmoq sifatida ko‘plab muammolar, jumladan gender va ijtimoiy soha bilan bog‘liq masalalarni hal etish vositasiga aylanmoqda. Mehmonxona, yotoqxona va mehmon uylari qurilib, foydalanishga topshirilyapti. Har bir hududda xotin-qizlar hunarmandligi markazi yoki klasterlar tashkil etilmoqda. Xotin-qizlar tadbirkorligi markazlari faoliyati takomillashtirilmoqda, ayollarni turizm biznesiga o‘qitish va sohaga jalb qilish izchil yo‘lga qo‘yilgan, ularga turli imtiyozlar berilmoqda. Shuningdek zardo‘z va tikuvchi, ipak to‘quvchi ayollar mahsulotini ishlab chiqarish va sotishga ko‘maklashilyapti.
Mamlakatda 5 mingdan ortiq mehmonxona, yotoq va boshqa turdagi sayyohlarni joylashtirish maskanlari mavjud. Turizm sohasi va mehmonxona biznesini boshqarishda ayol-tadbirkorlar ulushi tobora ortmoqda.
Xalqaro xususiy tadbirkorlik markazi (CIPE) tomonidan WAGE loyihasini amalga oshirish jarayonida xotin-qizlar tadbirkorligi masalasi alohida muhokama qilindi. Hozir CIPE Markaziy Osiyo mamlakatlarida biznes muhitni yaxshilash bo‘yicha “IBECA” dasturini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida turizm belgilangan.
Britaniya menejment universiteti va Xalqaro xususiy tadbirkorlik markazi o‘rtasida tuzilgan memorandum asosida sohani takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadigan ishchi guruh tarkibiga 6 tadbirkorlik uyushmasi, 2 universitet, 2 ilmiy-tadqiqot instituti, 2 xalqaro tashkilot va qator turizm korxonalari kiritilgan. Tuzilma turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq asosiy muammolarni aniqlaydi, sohada biznes muhitini yaxshilash uchun zarur tavsiyalar ishlab chiqadi. Shu tavsiyalar asosida Markaziy Osiyoda turizmni rivojlantirishning asosiy mintaqaviy yo‘nalishlari belgilab olinadi. 2023-2024 yillar mobaynida Dushanbe, Samarqand, Toshkent shaharlarida biznes va davlat idoralari vakillari ishtirokida bir necha bor mintaqaviy tavsiyalar muhokama qilindi.
Xususan, 2023 yil 17 noyabr kuni Dushanbe shahrida ekspertlar va xalqaro tashkilotlar ishtirokida turizm sohasidagi mintaqaviy iqtisodiy integratsiya masalasi muhokama qilindi. Ushbu muhokama yakunlari bo‘yicha turizm sohasida hududlararo hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma qaror qabul qilindi.
2024 yil 9-10 fevral kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy turizm forumi doirasida O‘zbekiston va Tojikistonning IBECA ishchi guruhlari tomonidan bir necha tadbir muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
200 dan ko‘p ishtirokchi, jumladan davlat xizmatchilari, xususiy sektor, biznes uyushmalar, akademiya vakillari va ekspertlar ishtirok etgan tadbir yakunida hukumat vakillari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, xo‘jalik birlashmalari va boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasida yurtimizda turizm sohasini takomillashtirish maqsadida samarali muloqot o‘tkazildi. Natijada tegishli malaka, tayyorgarlik va tajribaga ega kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq, shuningdek Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi faoliyatiga oid qator tavsiyalar bildirildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash dasturi (IBECA) va “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi”ni amalga oshirish doirasida tashkil etilgan tadbirda infratuzilmani takomillashtirish, xizmat sifatini oshirish va milliy turizm mahsulotlarini ommalashtirish masalalari muhokama qilindi. Davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Turizm sohasining 56 nafar vakili ishtirok etgan konferensiyaning asosiy maqsadi kichik va o‘rta korxonalar biznes yuritishda duch keladigan asosiy to‘siqlarni aniqlash va ayni yo‘nalishda zarur tavsiyalar berishdan iborat edi.

Ishtirokchilar chiqishida ish beruvchining befarqligi tufayli o‘quv muassasasida dual ta’lim tizimi sust joriy etilayotgani, amaliy mashg‘ulot o‘tish muammosi dolzarbligi va bu jarayon ko‘pincha to‘liq bajarilmayotgani ta’kidlandi. Mehmonxona va turoperatorlik faoliyati sohasida tegishli malaka, tayyorgarlik va tajribaga ega xodimlar yetishmasligi, turizm va mehmonxona xo‘jaligiga doir o‘quv dasturlari mukammal emasligi qayd etildi, agro, gastronomiya kabi muqobil turizm turlari bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi.
Respublikamizda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlar va mehmonlarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish hamda jahon bozorida milliy turizm mahsulotlarini faol targ‘ib qilish bilan bog‘liq jihatlar ham muhokama qilindi.
Hamkorlar e’tiboriga tadbirkorlik, jumladan turizm sohasida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, sektordagi eng muhim vazifalarni hal etish uchun davlat va xususiy sektor hamkorligini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimot havola etildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining turizm sohasidagi mintaqaviy iqtisodiy integratsiyasi masalasiga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi ma’qullandi.
Konferensiya natijasiga ko‘ra, ishchi guruh tomonidan berilgan tavsiyalar takomillashtirilib, to‘ldirildi va Turizm qo‘mitasiga taqdim etildi. Ishtirokchilar ko‘tarilgan mavzular har bir inson uchun dolzarb ahamiyat kasb etishi, mazkur anjuman oldinda turgan umumiy muammolarni bartaraf qilish, tegishli vazifalarni hal etishda muhim qadam bo‘lganini bir ovozdan e’tirof etishdi.
Maqola Xalqaro xususiy tadbirkorlik markazi (CIPE) tomonidan amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda biznes muhitini yaxshilash (IBECA)” mintaqaviy dasturi doirasida tayyorlandi.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ushbu dastur biznes muhitini yaxshilash, xususiy sektorning moliyalashtirish imkoniyatini kengaytirish, qo‘shimcha xorijiy sarmoya jalb qilish maqsadida mintaqaviy ekspert tarmoqlari va xalqaro aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashish maqsadini ko‘zlaydi.
Mamlakatimizda elektron tijorat, agrobiznes, “yashil” iqtisodiyot, turizm, transport va logistika IBECA doirasidagi ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
O‘zA