O‘zbekiston turizmi: 35 yillik taraqqiyot solnomasi
Asrlar davomida Sharq va G‘arbni bog‘lab kelgan Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan yurtimiz o‘zining boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy shaharlari, betakror me’moriy obidalari, milliy an’analari va tabiiy salohiyati bilan dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etib kelgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda diyorimizda turizmni rivojlantirishga davlat siyosati darajasida ustuvor ahamiyat qaratilishi natijasida sohada tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Quyida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilgan eng muhim qadamlar va erishilgan natijalarni yillar kesimida ko‘rishingiz mumkin.
2004-yil

Samarqandda BMTning Jahon turizm tashkiloti – UNWTOning Buyuk ipak yo‘li bo‘yicha mintaqaviy ofisi tashkil etildi.
2015-yil

Poytaxtimizda ikki qavatli turistik avtobuslar (Double-decker) qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
2016-yil

“Afrosiyob” tezyurar poyezdlari yo‘nalishi kengaytirilib, Buxorogacha yetib bordi.
2017-yil

Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz va Toshkentda xorijiy sayyohlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida “Xavfsiz turizm” (Turizm politsiyasi) maxsus bo‘linmalari tashkil etildi hamda 1173 qisqa raqamli “Call-markaz” ishga tushirildi.
2018-yil

O‘zbekistonda xorijiy fuqarolar uchun elektron viza (e-visa) tizimi joriy etildi;
Xuddi shu yildan boshlab bugungi kunga qadar xorijiy fuqarolar uchun vizasiz rejim joriy qilingan davlatlar soni 90 dan oshdi;
Xorijiy sayyohlarni ro‘yxatga olish tartibi raqamlashtirilib, “E-mehmon” onlayn tizimi ishga tushirildi;
O‘lkamizda turizm salohiyatini oshirish maqsadida “Halol turizm” (Halal tourism) standarti joriy etildi;
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizm dasturi doirasida mamlakat fuqarolarining ichki sayohatlarini rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yildi;
Tranzit yo‘lovchilar uchun mamlakatimiz orqali uchib o‘tishda 5 kunlik vizasiz kirish tartibi joriy qilindi.
2019-yil

Toshkent viloyatida xalqaro standartlarga javob beruvchi birinchi “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti ish boshladi;
Ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida yangi “Pilgrim visa” turi joriy etildi;
Buxoro shahri ziyorat turizmining xalqaro markazlaridan biri sifatida xalqaro “Ziyorat turizmi forumi”ga mezbonlik qildi;
Qo‘qon shahri Jahon hunarmandlar shahri deb e’lon qilindi va I Xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkazildi;
Tibbiyot turizmini rivojlantirish maqsadida chet el fuqarolari uchun “Medical visa” turi joriy etildi;
Gastronomik turizmni targ‘ib qilish uchun muntazam ravishda “Gastro Bazaar” xalqaro festivali o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
2020-yil

Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro va Navoiy xalqaro aeroportlarida xorijiy aviakompaniyalar uchun “Ochiq osmon” rejimi joriy qilindi;
“Lonely Planet” xalqaro nashri yurtimizni Markaziy Osiyoda yilning 1-raqamli turistik yo‘nalishi deb e’lon qildi.
2021-yil

Zomin tumanida xalqaro umummavsumiy tog‘-chang‘i va sog‘lomlashtirish kurorti tashkil etildi;
Pandemiya sharoitida xavfsizlikni ta’minlash uchun “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” (O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan) tizimi yaratildi;
Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti o‘z faoliyatini boshladi.
2022-yil

Samarqandda eng yirik “Silk Road Samarkand” xalqaro turistik majmuasi ochildi;
Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali Mirzo Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” kitobi shaklida qurildi.
2023-yil

Oktyabr oyida Samarqandda BMTning Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi bo‘lib o‘tdi;
Ushbu yilda Navoiy viloyatidagi Sentob qishlog‘i UNWTO tomonidan “Eng yaxshi turistik qishloq” deb topildi;
Samarqand shahrida BMTning Jahon turizm tashkilotining (UNWTO) Xalqaro turizm akademiyasi ochildi;
Xalqaro aeroportlarda xorijiy sayyohlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish – “Tax Free” tizimi joriy etildi;
Samarqand shahri “Jahon madaniy turizmi poytaxti” maqomini oldi;
Toshkent xalqaro aeroportida sayyohlarga xizmat ko‘rsatishni tezlashtirish va chegara nazoratini avtomatlashtirish uchun “E-gate” (elektron darvozalar) tizimi o‘rnatildi.
2024-yil

Ushbu yilda Xiva shahri Islom dunyosining turizm poytaxti deb e’lon qilindi.
2025-yil

Yil yakunlariga ko‘ra, diyorimizga rekord darajada – 11,7 million xorijiy sayyoh tashrif buyurdi;
Ushbu yilning aprel oyida tarixda ilk bor bir oy ichida O‘zbekistonga 1 milliondan ortiq turist keldi.
2026-yil

Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi;
Jahon sayyohlik va turizm kengashi (WTTC) ning “Travel & Tourism Economic Impact Research 2026” hisobotiga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm o‘sishi bo‘yicha 2025-yilda dunyoning eng tez rivojlanayotgan mintaqasi sifatida qayd etildi;
“Jaloliddin Manguberdi” nomli yuqori tezlikdagi elektropoyezd Toshkent–Xiva yo‘nalishida ilk qatnovini amalga oshirdi.
P/s: Maqola O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA