O‘zbekiston turizm salohiyati “Euronews”da
“Euronews” saytida mamlakatimiz turizm salohiyatiga bag‘ishlab chop etilgan “O‘zbekiston: Markaziy Osiyo mamlakati dunyoga ochilmoqda” sarlavhali maqolada yurtimizga tashrif buyurayotgan xorijlik sayyohlar oqimi tobora oshib borayotgani qayd etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Xitoy, Yaqin Sharq va Yevropa o‘rtasidagi qadimiy savdo yo‘li – afsonaviy Ipak yo‘li markazida joylashgani sayyohlarga qadimiy va zamonaviy dunyoning o‘ziga xos uyg‘unligini, rang-barang eko va agro sayyohlik imkoniyatini taklif etishi ta’kidlangan.
Muallif respublikamiz turizm imiji yaxshilanib borishida davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini urg‘ulagan.
Hukumat tomonidan olib borilgan qator liberal islohotlar, masalan, viza rejimi yengillashtirilgani ham turizm rivojiga hissa qo‘shayotgani, endilikda 93 mamlakat, jumladan, Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha mamlakatlar va Buyuk Britaniya fuqarolari diyorimizga vizasiz, 50 dan ziyod davlat fuqarolari esa elektron viza bilan tashrif buyurishi mumkinligi eslatilgan.

– Zamonaviy poytaxtimiz Toshkentning teatr va muzeylari yoki betakror va boqiy shahar – Buxoroning qadim masjid, minoralarini tomosha qiladigan sayyoh O‘zbekistonning o‘ziga xos tarixga ega ekaniga guvoh bo‘ladi, – deydi “Euronews” muxbiriga madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov. – Bizda UNESCO Jahon merosi obektlari sifatida e’tirof etilgan qator manzillar, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz kabi qadimiy va navqiron shaharlar bor. Ayni dam mavjud imkoniyatni to‘liq ishga solish harakatidamiz.
Telekanal saytida Samarqand va Buxoroga alohida to‘xtalingan. Xususan, Samarqandga Yaqin Sharq va Sharqiy Osiyo o‘rtasida joylashgani sababli “Madaniyatlar chorrahasi” deya ta’rif berilgan.

“Samarqand O‘zbekistonga sayohatni boshlash uchun eng qulay tanlov. Markaziy Osiyodagi aholi doimiy yashab kelgan shaharlardan biri sifatida ildizlari miloddan avvalgi VI asrga borib taqaladigan eng qadimiy bu kentdagi afsonaviy Registon mamlakatga kirish eshigidir”, deyiladi maqolada.
Buxoro haqida fikr bildirilar ekan, shaharning 2500 yildan ortiq tarixga ega ekani, me’morchiligi 1000 yildan nariga borib taqalishi ta’kidlanadi. O‘zbekistonda ekoturizm tobora rivojlanayotgani quyidagicha ifodalangan:
“Mamlakat shimoli-sharqida joylashgan Ugom-Chotqol milliy bog‘i noyob flora va faunaga boy. Bu joyda sut emizuvchilar, qor qoplonlari, qizil tulkilar yashaydi. Chotqol tog‘i atrofida miloddan avvalgi 1000-2000-yillarga oid qadimiy chizmalar ham uchraydi”.
Yurtimiz gastronomiya turizmi ham xorij nashri e’tiboridan chetda qolmagan:
– O‘zbekistonga borganda, albatta, taomlarini tatib ko‘ring. Ko‘mirda pishirilgan kabob, tandir kabob, palov, quritilgan meva va boshqa mahsulotlar sizga yoqishi tabiiy. An’anaviy o‘zbek noni ham kishida beqiyos taassurot qoldiradi.
O‘zA