O‘zbekiston to‘qimachilik eksportini 4 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilmoqda
To‘qimachilik mahsulotlari eksportini kengaytirishda xalqaro standartlar va tashqi bozor talablariga muvofiqlik asosiy shartlardan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yil yakuniga ko‘ra, sohada eksport hajmi 2,6 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, 2026-yilda ushbu ko‘rsatkichni 4 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzurida tashkil etilgan Texnik jihatdan tartibga solish sohasida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash klubi doirasida to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbir Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi hamkorligida tashkil etildi. Unda mahalliy to‘qimachilik korxonalarining eksport salohiyatini oshirish, tashqi bozorlarga chiqishdagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, xalqaro standartlarni joriy qilish va mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 2,6 milliard dollarga yetgan va mahsulotlar 75 ta davlat bozoriga chiqarilgan. 2026-yilda esa eksport hajmini 4 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilangan. Muloqotda tadbirkorlarga tashqi bozorlarga chiqish uchun yagona universal sertifikat mavjud emasligi tushuntirildi. Chunki har bir davlat va mahsulot turi bo‘yicha texnik reglamentlar, markirovka, mahsulot xavfsizligi, laboratoriya sinovlari, kimyoviy moddalarga qo‘yiladigan talablar hamda xaridorlarning qo‘shimcha shartlari bir-biridan farq qilishi mumkin.

Shu bois eksportchi korxonalar uchun mahsulotni ishlab chiqarishdan oldin maqsadli eksport bozorining talablarini o‘rganish va zarur muvofiqlik tartib-taomillarini oldindan belgilab olish muhim ekani ta’kidlandi. Xususan, Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishda to‘qimachilik mahsulotlarining tola tarkibini aniq ko‘rsatish va belgilangan markirovka talablariga rioya qilish muhim hisoblanadi. AQSH bozorida ham mahsulotning tola tarkibi, ishlab chiqarilgan mamlakati, ishlab chiqaruvchi haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, kiyim-kechak mahsulotlarini parvarishlash bo‘yicha ko‘rsatmalarga doir talablarga rioya etish zarur.
Tadbirda xalqaro bozorlarda keng qo‘llaniladigan OEKO-TEX® STANDARD 100 va Global Organic Textile Standard (GOTS) kabi standartlar haqida ham ma’lumot berildi.
Mutaxassislar sertifikat tanlashda uning ommalashgani emas, balki muayyan eksport bozori, mahsulot turi va xorijiy xaridorning talablariga qanchalik mos kelishi asosiy mezon bo‘lishi lozimligini ta’kidladilar.

Mahsulotlarning tashqi bozor talablariga muvofiqligini baholashda laboratoriya sinovlari va metrologiya xizmatlarining ahamiyatiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, mahsulot tarkibi, fizik-mexanik xususiyatlari, rang barqarorligi, tola tarkibi va zararli moddalar bo‘yicha sinovlarni to‘g‘ri tashkil etish, ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan o‘lchash vositalarining aniqligi va ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ochiq muloqot yakunida tadbirkorlarning sertifikatlashtirish, laboratoriya sinovlari, markirovka, xalqaro standartlarni joriy etish va eksportdagi texnik to‘siqlar bilan bog‘liq savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, eksportda asosiy maqsad faqat sertifikat olish emas. Muhimi — xalqaro talablarga javob beradigan, xavfsiz, sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishdir. Bu esa O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining yangi tashqi bozorlarga kirib borishi va sohada belgilangan 4 milliard dollarlik eksport marrasiga erishishda muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA