O‘zbekiston tibbiyotida xususiy sektorning yangi davri
Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida tarixiy burilish yasashi kutilayotgan Prezidentimizning “Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tibbiy xizmatlar bozorini tubdan qayta shakllantirishga qaratilgan strategik “yo‘l xaritasi”dir.
Farmonning bosh maqsadi aniq va raqamlarda ifodalangan: 2030-yilga borib tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda xususiy sektor ulushini 30 foizga yetkazish belgilandi. Bu nafaqat davlat zimmasidagi yukni kamaytirish, balki sohaga investitsiya va zamonaviy menejmentni olib kirish demakdir. Endilikda xususiy klinikalar davlat tibbiyot muassasalari bilan teng huquqli hamkorga aylanmoqda.
Hujjatning eng muhim jihati shundaki, 2026-yil 1-iyuldan boshlab xususiy klinikalarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bemorlarni davolashga ruxsat beriladi. Endi bemor o‘zi istagan, sifat yaxshiroq bo‘lgan shifoxonani tanlaydi, pul esa Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali o‘sha shifoxonaga o‘tkaziladi. Bu tibbiyot muassasalari o‘rtasida bemor uchun haqiqiy ijobiy raqobatni boshlab beradi.
Farmon bilan 2027-yil 1-maydan boshlab akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga inson a’zolarini transplantatsiya qilish huquqi berilmoqda.
Xalqaro tajribaga nazar tashlasak, AQSH, Germaniya va Hindiston kabi davlatlarda transplantatsiya amaliyotlarining katta qismi xususiy yoki aralash moliyalashtiriladigan markazlarda muvaffaqiyatli amalga oshiriladi. Masalan, Hindistondagi xususiy klinikalar transplantatsiya bo‘yicha dunyoning yirik markazlariga aylangan.
O‘zbekistonda ham xususiy sektorning bu jarayonga kirishi navbatlarni kamaytiradi va yuqori texnologiyali amaliyotlar uchun chet elga ketayotgan valyuta oqimini jilovlashga yordam beradi. Bu faoliyat yuqori mas’uliyat talab etgani bois, “Xavfni tahlil qilish” tizimi orqali qat’iy nazorat qilinadi.
Sohani rivojlantirish uchun Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi qayta tashkil etilib, uning qoshida “Health Invest” kompaniyasi tuzilmoqda. Tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasiga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 10 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi islohotlarning moliyaviy poydevori bo‘ladi.
Shuningdek, Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Bolalar milliy tibbiyot markazi kabi yirik muassasalarning sinov tariqasida Kompaniya boshqaruviga berilishi davlat aktivlarini professional menejment asosida ishlatish imkonini beradi.
Xususiy sektorni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun “O‘zmilliybank” AJ tomonidan 200 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit liniyasi ochilishi belgilandi. Bunda asosiy urg‘u viloyat markazlaridan tashqaridagi tumanlar va chegara hududlarida yuqori texnologik klinikalar barpo etishga qaratilgan. Xorijlik mutaxassislar uchun ijtimoiy soliqning 1 foizga tushirilishi va tibbiy jihozlarning bojxona bojidan ozod qilinishi yurtimizda tibbiy turizmni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu hujjat tibbiyotni ijtimoiy sohadan yuqori daromadli va yuqori sifatli xizmat ko‘rsatuvchi iqtisodiy tarmoqqa aylantirishga xizmat qiladi. Endigi vazifa ushbu mexanizmlarning joylarda to‘g‘ri ishlashini ta’minlash va xususiy sektor berayotgan sifatli xizmatlar davlat sug‘urtasi orqali barcha aholi qatlamlari uchun birdek hammabop bo‘lishiga erishishdir. Tibbiyotdagi bu yangilanishlar yaqin yillarda shifoxonalardagi navbatlarni kamaytirishga va inson qadrining tibbiy xizmatlar misolida yanada yuksalishiga poydevor bo‘ladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA