“O‘zbekiston temir yo‘llari” raqamli boshqaruvga o‘tmoqda
Toshkent shahrida o‘tayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) o‘rtasida temir yo‘l sohasini raqamli transformatsiya qilishga qaratilgan muhim kelishuv imzolandi.
Kelishuvga muvofiq, “Transport va magistral harakatni boshqarish hamda kiberbarqarorlikni oshirish bo‘yicha axborot tizimlarini joriy etish” loyihasi amalga oshiriladi. Mazkur loyiha temir yo‘l tarmog‘ida boshqaruv jarayonlarini zamonaviylashtirish, tashishlarni tashkil etish samaradorligini oshirish va raqamli texnologiyalarni keng joriy etishni nazarda tutadi.
Loyihaning asosiy maqsadi temir yo‘l infratuzilmasini raqamlashtirish orqali harakat xavfsizligi, tezkorlik va boshqaruv sifatini yangi bosqichga olib chiqishdan iborat. Shuningdek, zamonaviy axborot tizimlarining joriy etilishi yuk va yo‘lovchi tashish xizmatlarining sifati hamda samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Kelishuv doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini mustahkamlash, ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash va kibertahdidlarga qarshi barqaror himoya tizimlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu esa kompaniyaning asosiy biznes jarayonlarini uzluksiz, ishonchli va xavfsiz boshqarish imkoniyatini kengaytiradi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur loyihaning amalga oshirilishi mamlakat temir yo‘l sohasining raqobatbardoshligini oshirish, xalqaro transport yo‘laklaridagi mavqeini mustahkamlash hamda raqamli iqtisodiyot talablariga mos zamonaviy transport tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA