O‘zbekiston tashqi siyosatidagi tarixiy burilish
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi mamlakatimiz tashqi siyosati uchun muhim tarixiy voqea bo‘ldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ishtiroki, shuningdek, nufuzli xalqaro tashkilotlar va yetakchi davlatlar rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydonda yangi imkoniyatlarga sharoit yaratdi.
Ushbu jarayonda ilgari surilgan tashabbuslar amaliy qaror va yirik loyihalarda o‘z ifodasini topmoqda. Davlatimiz rahbari BMT yuksak minbaridagi nutqida, zamonaviy dunyoda kuchayib borayotgan ziddiyatlar, xalqaro institutlar nufuzining susayishi va ijtimoiy tengsizlik kabi global muammolarni qayd etdi.

Mamlakatimiz yetakchisi o‘z nutqida, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham ma’lumot berar ekan, mamlakatda kambag‘allik darajasini qisqartirish, ta’lim qamrovini kengaytirish, pedagoglar nufuzini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish kabi yo‘nalishlar global kun tartibi bilan uyg‘un ekanligini ta’kidladi.
Sessiya doirasida O‘zbekiston rahbari bir qator nufuzli shaxslar bilan muloqot qildi. Xususan, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuvda O‘zbekistonning jahon Savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni va global savdoga integratsiyasi muhokama qilindi.
Shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, infratuzilma va innovatsiya sohalarida BMT bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Anjuman doirasidagi muhim voqealardan biri – O‘zbekiston va AQSH Prezidentlarining uchrashuvi bo‘ldi.
Ikki davlat rahbarlari muzokaralar davomida, strategik sheriklikni kengaytirish, yangi iqtisodiy va investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama etdi. Shu bilan birga, mintaqaviy loyihalar va innovatsiya sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi, O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada mustahkamladi. Prezidentimizning nutqida ifodalangan tashabbuslar global xavf-xatarlarga javob berish bilan birga, mamlakat ichida amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro miqyosda tan olinishini ta’minladi.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbuslar O‘zbekistonning ochiq va pragmatik siyosatini, shu bilan birga, global miqyosda hamjihatlikka asoslangan munosabatlarni mustahkamlashdagi qat’iy pozitsiyasini ko‘rsatadi.
Odiljon Mamatkarimov,
Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar,
tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar
va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, senator.
O‘zA.