O‘zbekiston tashqi savdosi: TOP-10 asosiy hamkor davlatlar
2026-yil boshida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 18 milliard dollarga yetdi. Iqtisodiyotimiz rivojida Xitoy, Rossiya va Qozog‘iston bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning dastlabki uch oyi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tashqi savdo aloqasi jadal o‘sishi, hamkorlik ko‘lami kengayishi bilan esda qoladi. Milliy statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yanvar-mart oylari bo‘yicha mamlakatimizning jami tashqi savdo aylanmasi 18 milliard dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich respublikamizning xalqaro bozor bilan integratsiyasi kuchayib borayotgani, asosiy iqtisodiy sheriklar bilan munosabat barqarorligini ko‘rsatmoqda.
Tashqi savdo aylanmasida an’anaviy ravishda Xitoy Xalq Respublikasi yetakchilikni saqlab qolgan. Birinchi chorakda Chin yurti bilan tovar ayirboshlash miqdori 4,6 milliard dollarni tashkil etib, jami savdoning salmoqli qismini egalladi. Rossiya Federatsiyasi esa 3,3 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinda qayd etildi. Mintaqadagi eng yaqin iqtisodiy sherik – Qozog‘iston bilan savdo qiymati 1,3 milliard dollardan oshdi. Shuningdek, Turkiya (653,4 million dollar) va Afg‘oniston (508 million dollar) eng faol 5 savdo sheriklarimiz qatoridan joy oldi.
E’tiborli jihati shundaki, tashqi iqtisodiy aloqa nafaqat yaqin qo‘shnilar, balki Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan ham faollashgan. Jumladan, Fransiya bilan savdo aylanmasi 488,9 million dollarni tashkil etgan, Koreya Respublikasi (463,6 million dollar), BAA (458,7 million dollar), Turkmaniston (357,5 million dollar) va Germaniya (304,8 million dollar) kabi davlatlar kuchli o‘nlikdan joy oldi. Bu raqamlar O‘zbekistonning tashqi bozorni diversifikatsiya qilish, mahalliy mahsulotlarni dunyoning turli nuqtalariga eksport qilish va yuqori texnologik importni yo‘lga qo‘yish borasidagi islohotlari samara berayotganidan darak beradi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA