O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi qabul qilindi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan "Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida"gi rezolyutsiyani qabul qildi.
Mazkur hujjatga dunyoning barcha mintaqalarini ifodalovchi BMTga a’zo 61 davlat hammuallif bo‘ldi. Bu O‘zbekistonning ijtimoiy rivojlanish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini tasdiqlaydi.
Rezolyutsiya muhokamasi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov mazkur hujjatni qabul qilish tashabbusi mamlakatimiz Prezidenti tomonidan taklif qilinganini, jumladan bu global ijtimoiy rivojlanish kun tartibini ilgari surishga hamda xalqaro hamkorlikning parlament mezonini mustahkamlashga O‘zbekistonning hissasi bo‘lganini ta’kidladi.
Rezolyutsiyada 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda milliy qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, kambag‘allikni qisqartirish, munosib bandlikni ta’minlash, sifatli ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish va ijtimoiy integratsiyani qo‘llab-quvvatlash orqali parlamentlarning asosiy roliga urg‘u beriladi. Hujjatda alohida e’tibor xotin-qizlar va yoshlarning parlament faoliyatidagi ishtirokini oshirish, ijtimoiy rivojlanish uchun raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Shuningdek, Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi o‘tkazilgani hamda ijtimoiy rivojlanish va ijtimoiy adolat yo‘lida parlament harakati to‘g‘risida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilingani ham e’tirof etilgan.
Hujjatda BMTga a’zo davlatlar 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish va monitoring qilish jarayonlariga, jumladan, ixtiyoriy milliy sharhlarni tayyorlash, milliy majburiyatlar ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish hamda fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni mustahkamlash jarayoniga parlamentlarni yanada faol jalb etishga chaqiriladi.
Bundan tashqari, rezolyutsiyada BMTning yirik tadbirlarida parlament a’zolarining ishtirokini kengaytirish va ijtimoiy rivojlanish sohasidagi taraqqiyotni baholash samaradorligini oshirish uchun milliy statistika tizimlarini takomillashtirish tavsiya etiladi.
Hujjat qabul qilinishidan avval O‘zbekiston Respublikasining BMTdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan keng ko‘lamli siyosiy-diplomatik ishlar olib borildi.
Muzokaralar jarayonida bir qator rasmiy maslahatlashuvlar, shuningdek, ko‘plab ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Bu esa BMT hujjatlarining universalligi tamoyillariga javob beradigan va barcha a’zo davlatlarning manfaatlarini hisobga oladigan muvozanatli matnni kelishib olishga imkon berdi.
N.Abduraimova,
O‘zA