O‘zbekiston tarixiy xalqaro moliyaviy forumga mezbonlik qiladi
2026-yilning dekabr oyida Toshkent shahrida Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (IDA)ning global yig‘ilishi o‘tkaziladi. Ushbu nufuzli tadbir Jahon banki hamda O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Jahon banki tarkibiga kiruvchi ushbu moliyaviy tuzilma dunyoning 78 ta rivojlanayotgan mamlakatiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligida “Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining global kambag‘allikni qisqartirishdagi roli va uning O‘zbekiston hukumati bilan hamkorligi” mavzusida yuqori darajada o‘tkazilgan davra suhbati hamda ommaviy axborot vositalari uchun brifingda bu haqda ma’lumot berildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Jahon bankining taraqqiyotni moliyalashtirish masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Akixiko Nishio va boshqalar tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Shuningdek, mazkur global uchrashuv Markaziy Osiyoda ilk bor aynan O‘zbekistonda o‘tkazilishi qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, 1960-yilda tashkil etilgan Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi Jahon bankining daromad darajasi past bo‘lgan mamlakatlar uchun mo‘ljallangan moliyaviy tuzilmasi hisoblanadi. U ta’lim, sog‘liqni saqlash va ichimlik suvi ta’minoti xizmatlarini kengaytirish, qishloq xo‘jaligiga investitsiyalar jalb etish, shahar va qishloq infratuzilmasini yaxshilash, ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlaydi.

Assotsiatsiyaning moliyaviy resurslari har uch yilda bir marta to‘ldirib boriladi. XTA resurslarini to‘ldirishning 21-sikli – IDA-21 dasturi 2024-yil dekabr oyida yakunlangan. Natijada 2026-2028-yillar uchun rekord darajadagi 100 milliard AQSH dollari miqdorida moliyalashtirish paketi shakllantirildi. IDA-21 doirasida 78 ta mamlakatda qariyb 1,9 milliard aholining ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlariga erishishiga ko‘mak ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot va moliya vaziri matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ravshana Umarovaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi bilan hamkorligi qariyb 35 yillik tarixga ega.
– Mamlakatimiz 1992-yilda Jahon banki tuzilmalariga a’zo bo‘lganidan buyon bunday aloqalar izchil davom etib kelmoqda. 2017-yildan boshlab esa ikki tomonlama sheriklik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi kunda Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi mamlakatimizning taraqqiyot sohasidagi eng yirik xalqaro hamkoriga aylangan. Xususan, O‘zbekiston dunyo bo‘yicha IDA ning eng yirik 10 ta mijoz mamlakatlari qatoriga kiradi. Ayni paytda Jahon banki ko‘magida hukumat tomonidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida umumiy qiymati qariyb 5,5 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 25 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu mablag‘larning 60 foizdan ortig‘i IDA grantlari va imtiyozli kreditlari hissasiga to‘g‘ri keladi, – dedi R.Umarova.

O‘zbekistonning mezbon mamlakat sifatida tanlanishida so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar muhim omil bo‘lgani ta’kidlandi. Bu islohotlar xalqaro miqyosda ham keng e’tirof etilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlikning yuqori darajada rivojlangani ham mazkur qarorga ta’sir ko‘rsatgan. Hozirgi kunda mamlakat IDA moliyalashtirishini jalb qilish hajmi bo‘yicha Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida ikkinchi o‘rinda turadi.
Brifingda ma’lum qilinganidek, bo‘lib o‘tadigan mazkur global uchrashuv doirasida donor mamlakatlar va IDA mablag‘laridan foydalanuvchi davlatlarning yuqori martabali vakillari Jahon banki rahbariyati bilan birgalikda IDA-21 dasturi ijrosining oraliq natijalarini muhokama qiladi. Shu bilan birga, 2028-2031-yillarga mo‘ljallangan IDA-22 bosqichiga oid dastlabki muhokamalarga keng yo‘l ochadi.
Shuningdek, ushbu xalqaro yig‘ilishda mezbon O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy o‘sish, aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha tajribasi keng namoyish etiladi. Shuningdek, IDA ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar natijalari ham xalqaro hamjamiyatga taqdim etilishi kutilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA