O‘zbekiston Superkubogi-2026: futzal mavsumi katta bahs bilan start olmoqda
FOTOREPORTAJ
Bugun, 2-sentabr kuni 2026/2027-yilgi futzal mavsumi O‘zbekiston Superkubogi-2026 uchrashuvi bilan start oladi.
Musobaqaning bu yilgi Superkubogida mamlakat futzalida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan BMB PFK va SQB PFK jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. Murosasiz va keskin kurashlarga boy bo‘lishi kutilayotgan mazkur bahs yangi mavsum oldidan jamoalarning tayyorgarlik darajasini namoyon etishi bilan ahamiyatli.
Uchrashuv oldidan “HUMO Arena” ko‘p tarmoqli muz saroyida har ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
[gallery-31222]
Unda BMB PFK bosh murabbiyi Nodir Eliboyev hamda SQB PFK bosh murabbiyi Shuhrat Tojiboyev jamoalarning Superkubok bahsiga tayyorgarlik jarayoni, mavsum oldidan amalga oshirilgan ishlar va uchrashuvdan kutilayotgan natijalar haqida fikr bildirdi.
Mutaxassislar yangi mavsumni g‘alaba bilan boshlash, jamoa oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishish hamda muxlislarga mazmunli futzal namoyish etish muhim ekanini ta’kidladi.
Matbuot anjumani davomida bosh murabbiylar va futzalchilar ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob qaytardi. Jamoalarning o‘yin uslubi, tarkibdagi o‘zgarishlar, mavsumga tayyorgarlik va Superkubok bahsidan kutilayotgan natijalar xususida fikr almashildi.
Superkubok uchrashuvi yangi futzal mavsumining rasmiy ochilishi bilan birga, jamoalar uchun mavsum davomidagi asosiy maqsadlar sari dastlabki qadam sifatida ham muhim ahamiyatga ega.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA