O‘zbekiston – Singapur: tibbiy mahsulotlar xavfsizligi va regulyator hamkorlik yangi bosqichda
Mamlakatimizda farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohasida xalqaro standartlarni joriy etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirish hamda nazorat va regulyator mexanizmlarini yanada takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Ayni shu maqsadda O‘zbekiston delegatsiyasining Singapur va Malayziyaga amaliy tashrifi uyushtirilib, sohadagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan muhim muzokaralar o‘tkazildi.
Singapurning «Singapore EXPO» majmuasida O‘zbekiston Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori o‘rinbosari Shoyadbek Vasiyev boshchiligidagi delegatsiya Singapur Sog‘liqni saqlash fanlari boshqarmasi — HSA («Health Sciences Authority») vakillari bilan uchrashdi.
Markaz matubot xizmati xabarida qayd etilishicha, muloqot davomida ikki tashkilot o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasidagi hamkorlikni amaliy bosqichda kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Xususan, qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish, ilg‘or regulyator tajribasini o‘rganish va o‘zaro tajriba almashish yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablari va xalqaro standartlarni milliy regulyator amaliyotiga joriy etish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda laboratoriyalar faoliyati bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri — regulyator ma’lumotlari almashinuvi va laboratoriyalararo qiyosiy sinovlarni rivojlantirish masalasi bo‘ldi. Shuningdek, ilg‘or regulyator organlar tomonidan o‘tkazilgan baholash natijalari va qabul qilingan qarorlardan foydalanish imkonini beruvchi «reliance» mexanizmlarini rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Bu borada Singapurning HSA tomonidan shakllantirilgan regulyator amaliyoti, uning xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashgan yondashuvlari va yuqori regulyator salohiyatini o‘rganish istiqbollari muhokama qilindi. Tashrif doirasida Malayziya regulyator vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Unda tibbiy mahsulotlarni tartibga solish sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va amaliy aloqalarni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Singapur va Malayziya vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekistonning tibbiy mahsulotlar xavfsizligi sohasidagi xalqaro regulyator hamkorligini kengaytirish, milliy tartibga solish tizimini takomillashtirish hamda ilg‘or xalqaro amaliyotlarni joriy etish uchun yangi imkoniyatlarni belgilab berdi.
Mazkur xalqaro muloqotlar va erishilgan kelishuvlar yurtimizda aholiga xavfsiz, sifatli va yuqori samarali farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish tizimini jahon andozalari asosida yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, sog‘liqni saqlash tizimining eksport va investitsiyaviy salohiyatini oshirish hamda fuqarolar salomatligini ishonchli himoya qilishda muhim qadam bo‘ladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA