O‘zbekiston sharoitida yangi kambala balig‘i yetishtirilishi mumkin
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi vakillari hamda Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlaridan iborat delegatsiya Janubiy Koreya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib qaytdi.
Tashrif davomida Cheju viloyati hokimligi, Cheju baliqchilik akvakulturasi kooperativi (Jeju Fish-Culture Fisheries Cooperative), Cheju baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati hamda sohadagi yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekistonda akvakultura sohasini rivojlantirish, dengiz baliq mahsulotlarini O‘zbekiston sharoitida yetishtirish, zamonaviy texnologiyalar, ilmiy-ishlanmalar va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya Cheju orolidagi baliqchilik ob’ektlari, dengiz baliq mahsulotlarini sun’iy usulda yetishtirishga ixtisosolashgan xo‘jaliklar, laboratoriyalar, baliq ozuqasi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif doirasida “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Cheju baliqchilik akvakultura kooperativi o‘rtasida uch tomonlama Anglashuv memorandumi imzolandi.

Memorandumdan ko‘zlangan asosiy maqsad “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda kambala balig‘ini O‘zbekiston sharoitida yetishtirish bo‘yicha o‘rganishlar olib borish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, dengiz baliq turlarini iqlimlashtirish, malakali mutaxassislarni jalb etish, tajriba almashish hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishdan iborat bo‘lib, bu mamlakatimizda akvakultura sohasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga o‘z xissasini qo‘shadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA