O‘zbekiston sharafini yuksaltirgan sirdaryolik chempion
7–14 dekabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida "Dubay-2025" Yoshlar Para Osiyo o‘yinlari o‘tmoqda. Qit’amizning 35 mamlakatidagi 1500 nafarga yaqin atletlar 11 ta sport turida kuch sinashayotgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston 6 ta yo‘nalish bo‘yicha 124 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda.
Shu ishtirokchilar orasidan sirdaryolik para pauerliftingchi, Guliston shahar sport maktabi tarbiyalanuvchisi, yurtimiz terma jamoasi a’zosi Ziyoda Boqijonovaning zafarli chiqishi alohida e’tirofga loyiq bo‘ldi.
U 55 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda raqiblarini ortda qoldirib, 91 kg natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu g‘alaba nafaqat sportchimizning, balki Sirdaryo viloyati sportining ham yuksak yutug‘i sifatida ahamiyat kasb etadi.

Ziyodaning yuksalishida uning fidoyi murabbiysi Diloram Rahimovaning hissasi katta.
– Ziyodaxon bu muvaffaqiyatga osonlikcha erishgani yo‘q. Uning har bir yutug‘i ortida tinimsiz harakat, mashaqqatli mehnat va sportga bo‘lgan cheksiz muhabbat yotadi. Bugungi g‘alaba barchamizni quvontirdi. Yoshlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar esa bunday zafarlarning asosiy omilidir, – dedi murabbiy.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri