O‘zbekiston Respublikasiga xizmat qilaman!
Ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilinayotgan bir guruh xodimlar Vatanga, Prezidentga sodiqlikka qasamyod qabul qilishda mana shu so‘zlar jarangladi – O‘zbekiston Respublikasiga xizmat qilaman!
Qasamyod qabul qilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi O‘quv-dala markazida boshlang‘ich tayyorgarlik o‘quv kursida tahsil olayotgan Ichki ishlar organlarining ofitser va serjant lavozimlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlov asosida qabul qilingan 450 dan ziyod xodimlar qatnashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Davlatimiz rahbarining ichki ishlar organlari faoliyatini samarali tashkil etish, tashkiliy tuzilmalarini takomillashtirish yuzasidan ko‘plab qarorlar qabul qilinganini qayd etdi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangicha tizimi yaratildi.
Institut boshlig‘i, polkovnik Olimjon Ahmedov istiqlol yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida professional asosdagi ichki ishlar organlari shakllanganini ta’kidladi. Qasamyod qabul qilgan tinglovchilarga kelgusi sharafli xizmat faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zA