O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “SHHT plyus” formati majlisidagi nutqi
Hurmatli Sadir Nurg‘ojoyevich!
Hurmatli davlatlar va delegatsiyalar rahbarlari!
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti, hurmatli Sadir Nurg‘ojoyevich Japarovga bugungi “SHHT plyus” majlisini o‘tkazish borasidagi tashabbusi uchun samimiy minnatdorlik izhor etaman.
Bugun biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining adolatli dunyo tartibotini shakllantirishdagi rolini muhokama qilmoqdamiz.
Dunyoda yuz berayotgan o‘zgarishlar sharoitida davlatlar va mintaqaviy birlashmalar global institutlarga ularning universal vazifasini yanada samarali amalga oshirishda qanday ko‘mak berishi mumkinligini belgilab olish muhimdir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining markaziy, muvofiqlashtiruvchi rolini saqlab qolishi, mintaqaviy tuzilmalar esa avvalo mahalliy sharoitlar, ehtiyojlar va imkoniyatlarga tayangan holda umumiy tamoyillar va qarorlarning amalga oshirilishiga ko‘maklashish orqali uning sa’y-harakatlarini to‘ldirishi lozim.
Aynan mana shunday uyg‘unlikda biz hayotbaxsh ko‘p tomonlamalikning asosini ko‘rmoqdamiz.
Yangi dunyo tartiboti nafaqat xalqaro munosabatlar tizimidagi global kuchlar nisbatini mustahkamlashi, balki mintaqaviy muammolarning adolatli hal etilishiga ham xizmat qilishi lozim.
Bunday mantiqdan kelib chiqilganda, “SHHT plyus” formati Shanxay hamkorlik tashkilotining shunchaki kengaytirilgan majlisi doirasidan chiqib, alohida chuqur mazmun kasb etadi.
Mazkur muloqot maydoni davlatlar, mintaqalar va tashkilotlarni umumiy kun tartibi atrofida birlashtirishga qodir.
Bu yerda turli tashabbuslarni o‘zaro uyg‘unlashtirish va global boshqaruv arxitekturasini shakllantirish bo‘yicha muloqot olib borish zarur.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
O‘zbekiston Yevroosiyo makonida ochiq va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish tarafdori.
Biz uchun o‘zaro bog‘liqlik – strategik mustaqillik va barqarorlik masalasidir.
Biz shunday ko‘p qutblilik tarafdorimizki, u yangi ajratuvchi chiziqlarni yaratmaydi, balki imkoniyatlar makonini kengaytiradi, mintaqaviy loyihalar va tashabbuslar o‘zaro raqobatlashmaydi, balki bir-birini samarali to‘ldiradi.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Bir qator takliflarni ilgari surmoqchiman.
Avvalo, “SHHT plyus” formatini mintaqalararo muloqot maydoni sifatida rivojlantirishni muhim deb hisoblayman.
Barqaror o‘sish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, iqlimga moslashish, inson kapitalini rivojlantirish, hammabop ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi aniq yo‘nalishlarga e’tibor qaratishni taklif etaman.
Biz tajriba almashishni yanada kengaytirish, yondashuvlarni muvofiqlashtirish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida yechimlarni birgalikda ilgari surishimiz zarur.
“SHHT plyus” mintaqaviy tashkilotlarning Hamkorlik tarmog‘ini yaratish uchun platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Asosiy vazifa – makromintaqamizda loyihalarni birgalikda amalga oshirish maqsadida ularning kotibiyatlari va ixtisoslashgan organlari o‘rtasida doimiy ishchi aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Shu bilan birga, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy tashkilotlar salohiyatidan yanada faol foydalanish lozim.
Ko‘plab davlatlar o‘xshash muammolarga duch kelmoqda. Biroq ular bo‘yicha bir mintaqada muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan yechimlar ko‘p hollarda boshqa mintaqalarda noma’lumligicha qolmoqda.
Tajriba almashish mexanizmi sifatida tabiatdan foydalanish, “yashil” energetika, raqamli xizmatlar va sog‘liqni saqlash sohalarida mintaqalararo loyihalar va texnologiyalarning Ochiq bankini shakllantirishni taklif etaman.
Makromintaqamizda keng ko‘lamli iqtisodiy kooperatsiyani yanada rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Biznes barcha joyda bozorlarga kirish tartib-taomillarining soddalashtirilishi, transchegaraviy yo‘laklarning ishga tushirilishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimi ko‘rinishida amaliy natijalarni his qilishi lozim.
Samaradorlikning ana shunday aniq ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratib, “SHHT Invest” forumiga doimiy faoliyat yurituvchi platforma tusini berishni taklif etaman.
Hurmatli hamkasblar!
O‘tgan chorak asr davomida SHHT siyosiy tizimlari, madaniy an’analari va xalqaro jarayonlarga qarashlari turlicha bo‘lgan davlatlar o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha noyob tajriba to‘pladi.
Ushbu keng ko‘lamli almashinuvni rivojlantirish maqsadida “SHHT plyus” madaniyatlar va sivilizatsiyalar doimiy forumini ta’sis etishni taklif etaman.
Mazkur tadbirni BMTning manfaatdor tuzilmalari bilan birgalikda yurtimizda, ilm-fan va ma’rifatning qadimiy markazi bo‘lgan Xiva shahrida o‘tkazishga tayyormiz.
Hurmatli do‘stlar!
Biz “SHHT plyus” formatida zamon taqozo etayotgan muloqot maydonini ko‘rayotganimizni yana bir bor ta’kidlashga ijozat bergaysiz. Mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasidagi mushtaraklik nuqtalari qanchalik ko‘p bo‘lsa, barqarorlik va o‘zaro ishonch uchun asos shunchalik mustahkam bo‘ladi.
O‘zbekiston bundan buyon ham umumiy farovonlikni mustahkamlash va ko‘p tomonlama sheriklikni rivojlantirishga salmoqli amaliy hissa qo‘shishga tayyor.