O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari R. Mahmudova Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining saylovlar bo‘yicha katta maslahatchilari A.Gromov va M.Barker – Sigannikovani qabul qildi.
Uchrashuvda mehmonlarga mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu boradagi qonunchilik asoslarini mustahkamlash, sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish, sudlar faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi - sud hokimiyatining mustaqilligi, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida belgilangan saylov komissiyalarining qarorlari ustidan tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibiga oid ma’lumotlar mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Xususan, qonunchiligimizda saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun tegishli ma’muriy javobgarlik hamda saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, saylov huquqining yoki ishonchli vakil vakolatlarining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik munosabatlari o‘rnatilgani ta’kidlanib, olib borilayotgan o‘zaro hamkorlik kelgusida ham samarali natijalarni ko‘rsatishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuv doirasida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi
Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi